18 +  RSS  E-mail
12:08, 25 07 2019

“Uybuzar” rahbarlar hatto Oliy Majlis deputati talabiga ham quloq solmayapti


Toshkent viloyati Yangiyoʻl shahridan yozmoqdamiz. Koʻprikdan vino zavodiga qadar joylashgan ikki qavatli uylar buzilar ekan. Bu haqda hokimimiz Farhod Mirzayev aytdi. Mulk egalari zudlik bilan imzo yigʻib, huquqlarimiz buzilayotgani haqida Toshkentga ariza yoʻlladik. Jimjitlik! Ishonasizmi, BMTgacha yozdik.

Masalan, 103- va 105-uylarda yashovchilar koʻchish uchun bir oy muddat soʻradi. Ammo rozi boʻlishmadi, buning ustiga xonadonlarni atayin chiroq, suv va gazdan uzib qoʻyishdi. Rozilik xati imzolashga majburlashdi. Ammo u xatda buzilgan uy oʻrnidagi yangi turar-joy qachon bitkazilishi aniq koʻrsatilmagan. Uyi buzilganlar koʻchada qolmasligiga kafolat bormi?!

Yana bir holat. 2017 yilda 14 ta uyni taʼmirlash uchun shirkat kredit olgan. Har bir uy taʼmiriga 60 million soʻm sarflangan. Oradan ikki yil oʻtib esa millionlab sarflab taʼmirlangan uylarni buzishga qaror qilishdi. Axir, shahar rahbariyatida reja, istiqbolli maqsad yoʻqmi? Yo taʼmir bahona yana mablagʻ oʻzlashtirildimi?

Yaqinda adliya vazirligi uyi buzilgan aholiga toʻlanmay kelayotgan tovon puli miqdorini eʼlon qildi: 300 milliard soʻm! Tushunyapsizmi, yuzlab oilalar koʻchada qolgan!

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev bizning holimizdan xabar olgani keldi. Ammo uybuzar rahbarlar deputatga ham quloq solmadi.

Boshpanasi buzilganlarga qachon uy berilishi, uy qancha kvadrat metr boʻlishi haqida aytishmayapti. Kimki noqonuniy buzishga qarshi chiqsa, hokim “Siz Prezident qaroriga qarshimisiz?” deb qoʻrqitmoqchi boʻladi. Yoʻq, aslida, xalqda davlat siyosatiga qarshi kayfiyat uygʻotayotgan hokimlarning oʻzi Prezident siyosatiga qarshi!

Koʻp sonli aholi nomidan huquqlarimizni poymol qilmasliklarini talab qilamiz.

“Xalq nazorati”dan


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.