18 +  RSS  E-mail
12:06, 25 07 2019

Sharq rivoyati


Qadimda bir podshoh boʻlgan ekan. Bir kuni podshoh:

— Shahrimni tilanchi va gadoylar bosib ketdi! Shuning uchun, kimda kim tilanchi va gadoyga sadaqa bersa, qoʻllari chopilsin, — deb farmon chiqaribdi.

Hech kim gadoylarga sadaqa bermay qoʻyibdi.

Kunlardan bir kun, ana shu shaharga karvonini qaroqchilar talagan bir savdogar kelibdi. U:

— Yordam bering ey odamlar, qornim och, chanqadim,- deb baqira boshlabdi.

Lekin hech kim savdogarning nolalarini eshitmabdi. Savdogar yoʻlida uchragan birinchi uyni eshigini taqillatibdi..

Darvozani chiroyli bir qiz ochibdi va:

— Assalomu alaykum ota, keling, — debdi.

— Holim yoʻq qizim, bir qultum suv bilan, bir burda non ber,- deb soʻrabdi u kishi.

Qiz: —  Xoʻp boʻladi ota,- deb uyga kirib ketayotib, shohning farmoni esiga tushib qolibdi, orqasiga qaytib, u kishiga:

— Ota, bizning yurtimizni farmonidan bexabar koʻrinasiz? Podshoh, kim tilanchiga sadaqa bersa, qoʻllari kesilsin deb, farmon chiqargan,- debdi. Shunda boyagi kishi:

— Qizim, men tilanchi emasman, men savdogarman, och qoldim, savob boʻladi, — debdi.

Qiz nima boʻlsa boʻldi deb, u kishiga suv, non beribdi..

Bundan shohning aygʻoqchilari habar topib, qizning qoʻllarini chopishlarini buyuribdi va shoʻrlik qizning qoʻllarini chopib tashlashibdi..

Oradan ancha vaqt oʻtib, shoh yurtini kezib yursa, bir xonadondan dardli, mungli va shirali ovozda aytilayotgan qoʻshiq eshitilibdi..

Podshoh vazirlaridan bu qoʻshiq aytayotgan qiz kimligini soʻrabdi. Shunda vazirlari qizning qoʻli yoʻqligini aytishibdi.

— Nega?- deb ajablanib soʻrabdi podshoh.

— Sizning farmoningizga binoan, uning qoʻllarini chopib tashlaganmiz, — deb javob berishibdi vazirlari.

Shoh qizni koʻrgisi kelib, uning uyiga kiribdi va chiroyda tengsiz bu qizni bir koʻrishda sevib qolibdi. Shunda shoh, “eh qanchalar razil shohman-a?” deb, qilgan gunohini yuvish maqsadida qizga uylanmoqchiligini aytibdi.

Qiz qanchalik qarshi boʻlsa ham, uni shohga uzatishibdi..

Oradan vaqtlar oʻtib, qiz podshohdan oʻgʻil farzand koʻribdi-yu, baribir podshohda koʻngli yoʻq ekan.

Qiz hayolida baribir qochib ketaman, degan oʻy boʻlib, bir kuni bolasini olibdi-yu, qochib ketibdi.

Qiz togʻu-toshlardan oʻtib, juda holdan toyibdi va anhor boʻyiga kelibdi. Suv ichay desa, qoʻllari yoʻq, bir amallab suv ichaman deb, suvga engashibdi. Shu payt beliga bogʻlagan bolasi anhorga tushib ketibdi.

Olay desa qoʻllari yoʻq, dod deb yigʻlab:

— Ey Allohim, dardim Oʻzingga ayon, Oʻzing qoʻlla, — deb baqirib nola qilibdi

Shunda Tangri, ikki farishtani odam shaklida yordamga joʻnatibdi.

Farishtalardan biri suvga duo oʻqibdi, suv orqaga oqa boshlabdi.

Ikkinchi farishta esa:

— Ey maʼsuma ayol, qoʻlingni suvga tiq,- debdi.

U qoʻllarini suvga tiqqan ekan, qaytadan qoʻllari chiqib bolasini suvdan olibdi va Allohga hamdu-sanolar aytibdi.

Boyagi odam shaklidagi farishtalar orqalariga qaytib ketayotsalar ayol:

— Ey yaxshilar, kimsizlar? Haqqilaringizga nima deb duo qilay?- debdi.

— Bizni tanimadingmi? Biz bir burda non va bir qultum suvmiz, — deb javob berishibdi…

Mana azizlar, qissadan hissani oʻzingiz chiqarib olasiz degan umiddaman.

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam:

“Bir banda bir parcha non sadaqa qilsa, Alloh jalla va aʼlo uni Uhud togʻi barobarida koʻpaytiradi”.

“Sadaqa — xuddi olovni suv oʻchirganidek, xato-gunohlarni oʻchiradi”, deganlar …

Sumbil SULTON.

“Oqibatlilar”dan.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.