18 +  RSS  E-mail
13:17, 19 07 2019

Tariflar optimallashuvi elektr taʼminotini yanada yaxshilashga xizmat qiladi


“Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari” aktsionerlik jamiyati tomonidan viloyatimiz isteʼmolchilarining elektr taʼminotini yanada yaxshilashga qaratilgan amaliy tadbirlar bilan bir qatorda isteʼmolchilarga elektr energetikasi sohasida olib borilayotgan islohotlar mazmun-mohiyati va yangiliklarni yetkazib borishga ham keng ahamiyat berilmoqda. Korxona rahbariyati tomonidan joylarga chiqib xalq bilan uchrashuvlar yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, tuman va shaharlarda isteʼmolchilar bilan elektr taʼminoti yuzasidan muloqotlar oʻtkazilmoqda. Jumladan, iyul oyida jamiyat rahbari va viloyat tashkilotlari mutasaddi xodimlari ishtirokida Qarshi, Nishon tumanlari hamda Qarshi shahri mahallalariga tashriflar amalga oshirilib, aholi bilan elektr energiyasi tariflarini optimallashtirish yuzasidan suhbatlar oʻtkazildi. Aholi xonadonlaridagi mavjud muammolarni oʻrganish jarayonlarida aholining kam taʼminlangan qatlami daxldor masalalarni hal etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shuningdek, energotejamkor texnologiyalardan foydalanish, elektr energiyasi behuda sarf boʻlishining oldini olish yuzasidan tegishli tavsiyalar berilib, targʻibot ishlari olib borilmoqda.

Maʼlumki, hozirgi zamonda elektr energiyasisiz kundalik turmushimizni va mamlakatning jadal iqtisodiy rivojlanishini tasavvur etish qiyin. Aholi soni ortib, yashash hududlari kengayishi, xalqimizning turmush darajasining oʻsib borayotganligi, iqtisodiyotning barcha tarmoqlaridagi oʻsish surʼatlari tabiiy ravishda elektr energiyasiga boʻlgan talab oshib borishiga olib kelmoqda. Ushbu talabni qondirish uchun yangi quvvatlarni ishga tushirish, qoʻshimcha elektr tarmoqlari barpo etish zarur boʻladi. Shu bilan bir qatorda mavjud elektr tarmoqlari va qurilmalarining aksariyat qismi uzoq yillar mobaynida foydalanib kelinib, hozirgi kunda ularni yangilash, zamonaviy texnologiyalarni qoʻllash zarurati yuzaga kelmoqda. Bu esa oʻz navbatida isteʼmolchilarga sifatli va uzluksiz elektr energiyasi yetkazib berish imkonini yaratadi. Bundan tashqari elektr energiyasining amaldagi tariflari ishlab chiqarish, yetkazib berish va sotish bilan bogʻliq xarajatlarni oʻzida toʻla mujassam etmaganligi tarmoq korxonalarining moliyaviy barqarorligiga salbiy taʼsir koʻrsatib, taʼminotni yaxshilashga qaratilgan yangi loyihalarni amalga oshirishda, elektr energetikasi korxonalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashda qiyinchiliklar tugʻdirmoqda.

Shunga koʻra hozirgi kunda hukumat tomonidan amaldagi elektr energiyasi tariflarini optimallashtirish koʻzda tutilmoqda. Ahamiyatlisi, kiritilayotgan oʻzgarishlarda aholi isteʼmolchilari uchun sezilarli darajada boʻlmasligi nazarda tutilgan boʻlib, bir oilaning oʻrtacha isteʼmoli miqdoridan kelib chiqadigan boʻlsak, bu bir oyda oʻrtacha 6-7 ming soʻm atrofida qoʻshimcha toʻlov boʻlishi mumkin.

“Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari” aktsionerlik jamiyati axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.