18 +  RSS  E-mail
13:59, 18 07 2019

Suv havzalarida choʻmilishda ehtiyot boʻling!


Har bir faslning oʻziga yarasha jozibasi boʻlgani singari, yozning issiq tafti ham insonlarni soya-salqinlik sari chorlaydi. Bunda zamonaviy sovutgich oʻrnatilgan xonada dam olishga, muzdek salqin ichimlik ichishga yoki boʻlmasa huzurbaxsh suvda maza qilib choʻmilishga nima yetsin. Biroq choʻmilishning huzurbaxshliligi bilan bir qatorda, har yili dunyo boʻylab 300 ming nafarga yaqin insonlar mana shu huzur istagida belgilanmagan joylarda choʻmilishlari oqibatida hayotdan bevaqt koʻz yumayotganligi yoki boʻlmasa har yili kemalar halokatidagiga nisbatan choʻmilish uchun suvga tushib choʻkib ketayotganlar soni koʻp ekanligi kishini oʻyga toldiradi.

Bunday vaqtlarda har bir inson “Suvda choʻkish men va mening yaqinlarim bilan sodir boʻlmaydi”, degan befarqlik va beparvolik chulgʻagan fikrdan biroz chekinib, oʻzi, oila aʼzolari va yaqin kishilarini ehtiyot boʻlishga chaqirishi va ogohlantirib turishi uning kundalik vazifasi emasmikan, deb oʻylaysan kishi. Zero, har bir fuqaro uchun farzandlari bir-biridan aziz, yaqin kishilari esa muqaddasdir.

Buxoro viloyatida fuqarolarning suvda choʻkib vafot etishlari bilan bogʻliq baxtsiz hodisalarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, oʻtgan yilda 18 nafar hamda joriy yilning shu davrigacha 15 nafar fuqarolar turli sabablarga koʻra, suvda choʻkib vafot etishgan. Ushbu raqamlar qanchadan-qancha oilalarga ogʻir musibat olib kelgan. Kimdir otasidan, kimdir akasi yoki ukasidan, yana kimdir umr yoʻldoshidan, ogʻaynisidan ajralishi bilan tugagan fojiadir. Ushbu baxtsiz hodisalarning 45 foizi yosh bolalar va voyaga yetmagan oʻsmirlar ishtirokida sodir boʻlganligi achinarli holdir. Aksariyat suvdagi baxtsiz hodisalarga yosh bolalarning qarovsiz koldirilishi va taqiqlangan, tezoqar suv havzalarida choʻmilishi sabab boʻlmoqda. Xususan, suvdagi baxtsiz hodisalar soni viloyatning Shofirkon, Kogon, Romitan, Jondor, Qorovulbozor, Qorakoʻl, Gʻijduvon va Buxoro tumanlarida koʻpayganligini koʻrish mumkin.

Hurmatli fuqarolar, ota-onalar, viloyatimiz mehmonlari!

Oʻzingiz, farzandlaringiz, yaqinlaringizning hayoti va salomatligiga xavf solishi mumkin boʻlgan omillarni oldini olish maqsadida quyidagi talablarga qatʼiy rioya qilishingizni soʻraymiz:

— ruxsat etilmagan, oqim tezligi yuqori boʻlgan suv havzalarida choʻmilmang, bunday joylarda farzandlaringiz va yaqinlaringizning choʻmilishiga yoʻl qoʻymang;

— farzandlaringizni choʻmilish, suvda oʻz xavfsizligini taʼminlash qoidalariga oʻrgating;

— har bir kishi oʻz salomatligi holatidan kelib chiqib, tibbiyot xodimlarining ruxsati bilan ochiq suv havzalarida choʻmilishi mumkin yoki mumkin emasligiga eʼtibor qarating;

— yoz mavsumida faqatgina ruxsat etilgan, qoʻriqlanadigan suv havzalari, plyajlar va suzish maskanlarida, voyaga yetmaganlarning faqat katta yoshdagi kuzatuvchilari hamrohligida choʻmilishi lozimligini unutmang;

— ochiq suv havzalarida choʻmilish natijasida oftob urishidan saqlaning;

— bolalarni yozgi mavsumda qarovsiz qoldirmang, ularni imkon qadar, har xil toʻgaraklarga, yozgi sogʻlomlashtirish oromgohlariga jalb eting;

Ruxsat etilmagan suv havzalarida aholining, ayniqsa, yosh bolalarning choʻmilishi ularning hayoti va salomatligiga putur yetkazishi mumkinligini inobatga olib, sodir boʻlishi mumkin boʻlgan baxtsiz hodisalarning oldini olish mahalla jamoatchiligi, qolaversa har birimizning fuqarolik burchimiz ekanligini unutmang!

Buxoro viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.