18 +  RSS  E-mail
14:05, 18 07 2019

Faqat qorin toʻyari uchun ishlash vaqti oʻtdi


Bugun iqtisodiyotni rivojlantirish, aholining turmush farovonligini yuksaltirish, qishloqqa sanoatni olib kirish va yangi ish joylarini yaratishda fermer xoʻjaliklari muhim ahamiyat kasb etayapti. Shunga monand, mazkur soha istiqboli uchun keng imkoniyatlar yaratish, fermerlik faoliyatini iqtisodiy va huquqiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, qolaversa, ularni koʻp tarmoqliga aylantirishga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda. Chunki, fermerning faqat qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish bilangina cheklanib qolishi davr talablariga mos kelmaydi.

Shahrisabz tumanilik Moʻʼtabar Oʻtaganova ham bundan bir necha yil muqaddam tumanning Qoʻshchinor mahallasi hududidan 20 gektar yer olib, «Oʻtaganov Odiljon» fermer xoʻjaligini tashkil etgan hamda lalmi bugʻdoy yetishtirish bilan faoliyatini boshlagan edi.

Fermerning izlanuvchanligi, tashabbuskorligi natijasida bugun xoʻjalik faoliyati har tomonlama kengayib, qoʻshimcha tarmoqlar soni ham oshib bormoqda.

— Faqat lalmi bugʻdoy ekish bilan katta natijaga erisha olmasligimizni bilgach, yer osti suvidan foydalanib, 6,4 gektar maydonda intensiv bogʻ tashkil etdik, — deydi fermer. — Bu yerga asosan yuqori navli gilos hamda tok ekkanmiz.

Shu bilan bir qatorda, xoʻjalikda chorvachilik, parrandachilik, quyonchilik kabi tarmoqlar ham tashkil etilganki, bugun ularning har biridan daromad kelmoqda.

— Parrandaning oʻziga xos turi, yaʼni yapon tovuqlarini boqayapmiz, — deydi u. — Ayni paytda 150 taga yaqin shu zotdagi tovuqlarimiz bor. Bu tovuqlar kichik, ammo bir qator afzalliklarga ega. Masalan, kasalliklarga chidamli, tuxum va joʻja berishda mahsuldorligi yuqori. Qolaversa, oʻzining chiroyli koʻrinishi bilan ham eʼtiborni tortadi. Shu bois, yetishtirayotgan tuxum va joʻjalarimiz hududdagi aholining oʻzidan ortayotgani yoʻq.

Ayni paytda xoʻjalikda ellikdan ortiq qoramol hamda 300 ta mahalliy zotga mansub quyon ham parvarishlanmoqda. Yetishtirilgan chorva mahsulotlari hamda quyon goʻshti peshma-pesh hududdagi tadbirkorlik subʼektlariga  yetkazib berilayapti.

Tabiiyki, tarmoqlar soni oshishi bilan daromad miqdori ham koʻpaymoqda. Bu esa fermerning iqtisodiy imkoniyatlari ortib, yanada kattaroq ishlarga sarmoya kiritishiga imkon berayapti. Misol uchun, yaqin ikki yil ichida zamonaviy sovutkichli issiqxona qurish, meva-sabzavot mahsulotlarini joylash uchun moʻljallangan plastik qutilar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish fermerning yangi rejasiga aylangan.

Jahongir  BOYMURODOV

Sobir NARZIYEV olgan surat.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.