18 +  RSS  E-mail
11:25, 17 07 2019

Sanoatning yangi tarmogʻi


“Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida “National plast” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan sanoatning yangi tarmogʻi “PVXdan profil va boshqa turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish” loyihasi faoliyatini boshladi.

Zamonaviy loyihaning ochilish marosimida soʻzga chiqqanlar korxona tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar qurilish bozorida munosib oʻringa ega boʻlishini taʼkidlashdi.

— Buyuk Britaniya davlati bilan hamkorlikda bunyod etilgan mazkur korxonamizning yillik ishlab chiqarish quvvati 60 ming tonnani tashkil etadi, — deydi “National plast” masʼuliyati cheklangan jamiyati bosh direktori Ayubxon Nuritdinov. — Umumiy qiymati 20,3 million AQSh dollari boʻlgan korxonamizda ayni paytda 70 ta yangi ish oʻrni yaratildi.

Korxona 2018 yilning sentyabr oyidan “Ariston Thermo UTG” MChJ QK negizida ishlab chiqarish boshlangan boʻlib, oʻtgan yil yakuni bilan 41,2 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilishiga erishildi. Joriy yilning mart oyi holatiga esa ishlab chiqarilgan mahsulotlar hajmi 25,2 milliard soʻmni tashkil etdi. Eng eʼtiborlisi, korxona toʻliq quvvat bilan faoliyat boshlagandan soʻng ish oʻrinlari soni 200 taga yetadi.

Shuningdek, iqtisodiy hududda Buyuk Britaniya davlati bilan hamkorlikda faoliyat koʻrsatib kelayotgan  “Green Line Profil” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan “Alyumin profil va alyumin mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish” loyihasining ham rasmiy ochilishi boʻlib oʻtdi.

Yillik ishlab chiqarish quvvati 35 ming tonna boʻlgan mazkur loyihaning birinchi bosqichi oʻtgan yili, ikkinchi bosqichi esa joriy yilning boshida amalga oshirilgandi. Ushbu loyihalar uchun jami 39,6 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritilgan boʻlib, uning 15,7 million AQSh dollarini toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya tashkil etadi.

Oʻtgan yilda mazkur korxona tomonidan qariyb 300 milliard soʻmlik 9,9 ming tonna profil va alyumin mahsulotlari ishlab chiqarildi. Shuningdek, 4,5 million AQSh dollari miqdoridagi 1,2 ming tonna mahsulot eksport qilindi.Korxona faoliyati munosabati bilan bugungi kunda 210 nafar mahalliy aholi doimiy ish oʻrniga ega boʻldi.

Marosimda ishtirok etgan keng jamoatchilik vakillari, mahalliy va xorijiy tadbirkorlar anjuman doirasida korxonalar ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar.

Tadbirda Navoiy viloyati hokimi Q.Tursunov ishtirok etdi va soʻzga chiqdi.

Navoiy viloyati hokimligi axborot xizmati.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.