18 +  RSS  E-mail
11:29, 17 07 2019

“Er va kompensatsiya puli berilmaguncha hech kimning uyi buzilmaydi”


Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalar, aholi bilan tadbirkorlarni tashvishga solayotgan va yechimini kutayotgan dolzarb muammolar boʻyicha Kun.uz tahririyatiga eksklyuziv interv’yu berdi.

Viloyat rahbari suhbat davomida Urganch shahri va tuman markazlaridagi obodonchilik va qurilish ishlari qanday ketayotgani, shuningdek, uy-joyi buzilayotgan aholiga berilishi shart boʻlgan yer va kompensatsiya masalalari haqidagi savolga ham javob qaytardi.

“Hozirda Xorazm viloyatining shahar va qishloqlarida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida obodonlashtirish, qurilish ishlari jadallashtirildi. Biz bu dasturlarni eng chekka qishloqlarda ham bajaramiz. Albatta bu ishlar hokimlik tomonidan qattiq nazorat ostiga olingan.

Aholini oʻzi yashayotgan hududdan koʻchirmoqchi boʻlsak, albatta uning oʻrniga oʻzimizni qoʻyib koʻrishimiz kerak. Unga taklif qilinayotgan uyda avvalo oʻzimiz oʻtirib, yashab koʻrishimiz kerak. Agar bizga maʼqul boʻlsa, shundagina uyni boshqalarga taklif qilishimiz mumkin.

Urganch shahridan koʻchirilayotgan aholi uchun bir necha joylardan yer taklif qilganmiz. Ammo shahar hududi yoki uning atrofidan yer ajratolmaymiz. Aks holda 20-50 yildan keyin shahar hududi yana kengayadi, natijada bu uy-joylarni ham buzishga, odamlarni yana koʻchirishga toʻgʻri keladi. Shu tufayli, uy-joylar 100 yil turishi uchun shahardan uzoqroq joylarni taklif qilganmiz. Urganch tumanidan 2ta hududni ajratib koʻrsatdik, ammo odamlar rozi boʻlmadi, hududni uzoq deb hisobladilar. Keyin yana bir hududni koʻrsatdik.

Taʼkidlab aytamanki, odamlarga yer ajratilib, kompensatsiya puli toʻlanganidan soʻng uy-joylarni buzish ishlari amalga oshiriladi.

Aholini qayerga koʻchirilaman, mulkim nima boʻladi degan savollar tashvishga solmasligi uchun avval uyma-uy kirib, tushuntirish ishlari olib borilyapti, ogohlantirish berilmoqda. Boradigan joyi hal etilib, kompensatsiyasi qoplanganidan keyingina koʻchirish ishlari boshlanmoqda. Lekin kimki zararim qoplanmadi, muammo ijobiy hal qilinmadi deb aytadigan boʻlsa, uni eshitib, albatta muammosini hal etishga harakat qilyapmiz. Uy-joy egasining har biri bilan shartnoma tuzilmoqda, uch taraflama kelishuv bitimida tomonlarning xohishi inobatga olinmoqda”, — dedi Farhod Ermanov.

Xorazm viloyati hokimligi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.