18 +  RSS  E-mail
12:59, 12 07 2019

Yerga boʻlgan huquqlar bekor qilinishi yoki yer olib qoʻyilishi mumkinmi?


Yerga boʻlgan huquqlar quyidagi hollarda bekor qilinadi:

1) yer uchastkasidan ixtiyoriy voz kechilganda;

2) yer uchastkasi berilgan muddat tugaganda;

3) yuridik shaxs tugatilganda;

4) yerlarni ijaraga olish shartnomasi bekor qilinganda yoki bekor boʻlganda;

5) yer uchastkasidan belgilanganidan boshqa maqsadlarda foydalanilganida;

6) qishloq xoʻjaligi uchun berilgan yerdan oqilona foydalanilmaganda (hosildorlik darajasining uch yil mobaynida normativdan (kadastr bahosiga koʻra) past boʻlishi);

7) yer uchastkasidan tuproq unumdorligi pasayishiga, uning kimyoviy va radioaktiv moddalar bilan ifloslanishiga, ekologik vaziyatning yomonlashuviga olib keladigan usullar bilan  foydalanilgan taqdirda;

8) yer soligʻi, shuningdek ijaraga olish shartnomasida belgilangan muddatlarda ijara haqi muntazam toʻlanmay kelinganda;

9) qishloq xoʻjaligi ehtiyojlari uchun berib qoʻyilgan yerdan bir yil mobaynida va qishloq xoʻjaligi sohasiga taalluqli boʻlmagan ehtiyojlar uchun berib qoʻyilgan yer uchastkasidan uch yil mobaynida foydalanilmaganida;

10) auktsion orqali sotib olinganda yer uchastkasidan ikki yil mobaynida foydalanilmaganida.

11) davlat va jamoat ehtiyojlari uchun.

1-10 bandlarda koʻrsatilgan holatlarda yerni olib qoʻyish vakolatli organlarning  asoslovchi hujjatlariga asoslangan taqdimnomasiga asosan hokimlar qaroriga asosan amalga oshiriladi.

Yerni davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish toʻgʻrisidagi qarorlar hokimliklar tomonidan faqat quyidagi maqsadlarda qabul qilinadi:

— mudofaa va davlat xavfsizligi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ehtiyojlari, erkin iqtisodiy zonalarni tashkil qilish va ularning faoliyat yuritishi uchun yerlarni taqdim etish;

— xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish;

— foydali qazilmalar konlarini aniqlash va qazib chiqarish;

— avtomobil va temir yoʻllari, aeroportlar, aerodromlar, aeronavigatsiya obʼektlari va aviatexnika markazlari, temir yoʻl transporti obʼektlari, koʻpriklar, metropolitenlar, tonnellar, energetika tizimi obʼektlari va elektr uzatish tarmoqlari, aloqa tarmoqlari, kosmik faoliyat obʼektlari, magistral quvurlar, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish (rekonstruktsiya qilish);

— aholi punktlari bosh rejalarini bajarish, shuningdek, qonunlar va Prezident qarorlarida toʻgʻridan-toʻgʻri nazarda tutilgan boshqa hollarda.

Bunda olib qoʻyilgan yerda joylashgan obʼekt koʻchmas mulkning bozor qiymati va olib qoʻyish sababli yetkazilgan zarar toʻliq qoplanganidan keyin buzilishi mumkin.

Yerni davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish haqidagi qaror qabul qilinganda tuman (shahar) hokimliklari yer egalarini yer olib qoʻyilishidan kamida 6 oy oldin yozma ravishda xabardor qilishi shart.

Yer olib qoʻyish haqidagi qaror qabul qilingandan keyin qarorda koʻrsatilgan yerda joylashgan koʻchmas mulk obʼektlari boshqa shaxslarga berilishi mumkin emas.

Yerni olib qoʻyish haqidagi qaror ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.

Samarqand viloyati hokimligi matbuot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.