18 +  RSS  E-mail
13:01, 12 07 2019

AQShning “Alfa Eco Corporation” MChJ kompaniyasi Jizzaxda yana bir tsement zavodi quradi


Jizzax viloyati hokimligida Amerika Qoʻshma Shtatlarining “Alfa Eco Corporation” MChJ kompaniyasi boshqaruvchisi Fima Potik hamda Jizzax viloyati hokimining oʻrinbosari Azim Ahmedxadjayevning uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda Jizzax viloyati Zafarobod, Forish, Baxmal tumanlarining birida barpo etilishi mumkin boʻlgan tsement zavodi boʻyicha muzokaralar boʻlib oʻtdi.

“Alfa Eco Corporation” MChJ — toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar fondiga ega boʻlgan xususiy biznes tashkilotidir. Kompaniya sogʻliqni saqlash, muqobil energiya va energetik yechimlar, innovatsion texnologiyalar, xavfsizlik yechimlari, metallurgiya va togʻ-kon sanoati, qishloq xoʻjaligi, qurilishni rivojlantirish kabi sohalarda faoliyat olib boradi.

Al’fa Eko 1989 yilda Al’fa Foto (birgalikda asoschilar Mixail Fridman va janob Potik) oʻrtasidagi hamkorlik asosida tashkil etilgan. Keyinchalik Al’fa-Eko guruhi Al’fa-Bankka boʻlingan. Shundan soʻng janob Potik Al’fa Eko Korporatsiyasini tashkil etgan.

Ushbu kompaniya Jizzax viloyatida 2020 yilning oxiriga qadar tsement zavodini ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Loyiha muddati 18 oy davomida amalga oshirilishi kompaniya vakillari tomonidan taʼkidlandi.

Loyiha doirasida umumiy qiymati 300 mln. AQSh doll. toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya kiritish evaziga 800-1000 ta ishchi oʻrni yaratilishi rejalashtirilmoqda. Zavod qurilishi uchun xomashyo bilan birgalikda 200 gektar infratuzilmaviy sharoitga ega yer maydoniga ehtiyoj borligi muzokaralar davomida kompaniya vakillari tomonidan bildirildi.

Jizzax viloyati hokimligi mutasaddilari tomonidan Zafarobod, Forish, Baxmal tumanlarining hududlarida loyiha uchun mos yer maydonlarini koʻzdan kechirish taklif etildi.

Uchrashuv soʻngida kompaniya boshqaruvchisi tomonidan Zafarobod tumaniga shu kunning oʻzida tashrif uyushtirish va u yerdagi yer maydonlarini koʻzdan kechirish istagi borligi bildirildi.

Jumladan, Jizzax viloyati hokimligi loyihaga oid muammolarni birgalikda bartaraf etish va amalga tadbiq etish uchun barcha zarur chora-tadbirlar koʻrilishi aytib oʻtildi.

Jizzax viloyati hokimligi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.