18 +  RSS  E-mail
14:32, 10 07 2019

Navbatdagi idoraviy yigʻilishda qanday masalalar muhokama etildi?


Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev boshqargan navbatdagi  idoraviy yigʻilishda “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari  toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablarining bajarilishi va boshqa bir qancha masalalar muhokama etildi.

Viloyat hokimi dastlab yigʻilish ishtirokchilari eʼtiborini shahrimizda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetning Jizzax filiali ish boshlaganligiga qaratib, qabul jarayonini uyushqoqlik bilan, yuqori saviyada tashkil etish, bu xayrli ishda tuman-shahar hokimliklari mutasaddilari, qoʻyingki har birimiz faol boʻlishimiz zarurligini taʼkidladi.

Shundan soʻng, 5-6 iyul kunlari viloyatimizda “Tokio sari yoʻl” shiori ostida “Xalqaro Olimpiya kuni”ga bagʻishlangan “Xalq sayli” umummilliy sport musobaqalari uyushqoqlik bilan oʻtkazilganligini qayd etdi.

Ayniqsa, 5 ming nafar yoshlar tomonidan Arnasoy tumanidagi “Aydarkoʻl” havzasida Olimpiya halqasining jonli koʻrinishda aks ettirish loyihasining amalga oshirilganligi katta voqea boʻldi. Uyushtirilgan tadbirning Olimpiya harakatini  rivojlantirishda, ommaviy sportga aholining keng qatlamlarini jalb etishda muhim ahamiyat kasb etganligi  alohida eʼtirof etildi.

Shundan soʻng “Jismoniy va yuridik shaxslarning  murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablarining bajarilishi toʻgʻrisidagi masala muhokama qilindi.

Yigʻilishda taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonalari orqali 2019 yilning 1 yanvaridan 6 iyuliga qadar viloyat hokimligining guruh va kotibiyatlariga 603 ta virtual murojaatlar kelib tushdi. Yozma murojaatlar soni 1 ming 103 tani tashkil etdi.

Joylarda oʻtkazilayotgan “Sayyor qabul”lar davomida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari, ular tomonidan koʻtarilgan muammolarning qay darajada yechim topganligi ham eʼtibordan chetda qolmadi.

Maʼlumki, shu yilning 29 iyun kuni viloyat hokimining Mirzachoʻl tumanida “Sayyor qabuli” oʻtkazilgan edi. «Sayyor qabul” davomida 46 nafar fuqarolarning murojaatlari eshitildi. Shu kuni murojaatlarning 25 tasiga yechim topilmadi.

Ular atroflicha oʻrganish va maʼlum vaqt talab etadigan murojaatlar boʻlgani uchun yechimini topish imkoniyatiga ega boʻlgan  davlat idoralariga muddati belgilanib, tegishli organlar tomonidan nazoratga olingan edi.

Idoraviy yigʻilishda Sharof Rashidov, Zarbdor, Zomin, Zafarobod,  Doʻstlik, Paxtakor va Mirzachoʻl tumanlarida  joriy yilning mart-iyul oylari oraligʻida  viloyat 1-sektor rahbari tomonidan oʻtkazilgan  sayyor qabullarda fuqarolar murojaatlarining koʻrib chiqilishi va ijobiy hal etilishi ham atroflicha muhokama etildi. 

Shu yilning  3 iyun kuni Arnasoy, Baxmal va Doʻstlik tumanlari, 10 iyun kuni Zomin va Gʻallaorol tumanlari, 1 iyul kuni  Sharof Rashidov, Zafarobod, Zarbdor va Mirzachoʻl tumanlari hokimlari ishtirokida oʻtkazilgan idoraviy yigʻilish bayonlarida belgilangan topshiriqlarning bajarilishi ham muhokama etildi.

Jizzax viloyati hokimligi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.