18 +  RSS  E-mail
14:34, 10 07 2019

Ijara uydagi islovatxona


1982 yilda Chiroqchi tumanida tugʻilgan Jasmina Jabborova (ism va familiyalar oʻzgartirilgan) turmushidan ajralgan. Bir nafar farzandi bor.

Hali yosh, aqli joyida, halol ishlasa, izlansa hayotda oʻzining munosib oʻrnini topib ketishi mumkin boʻlgan bu juvon afsuski kun kechirishning oson, ammo ayol nomiga nomunosib boʻlgan, jirkanch yoʻlini tanladi.

Jasmina Qarshi shahriga kelib, ijaraga uy olib yashay boshladi. Endi ishlash, pul topish zarur edi.

Kishida aniq maqsad, harakat boʻlsa, halol mehnatdan qochmasa, har qanday vaziyatda, har qanday joyda ham oʻziga munosib ish topiladi. Lekin avvalboshdanoq yengil-elpi hayot tarziga oʻch ayol xuddi shu yoʻlni tanladi.

Pul evaziga turli erkaklarning shahvoniy istaklarini qondirish, hatto oʻziga oʻxshash qizlarni yigʻib, ijara uyini islovatxonaga aylantirishdan nomus qilmadi.

U xuddi mana shu faoliyati uchun qoʻlga olinib, jinoyat ishlari boʻyicha Qarshi shahar sudining hukmi bilan aybdor, deb topilgan. Belgilangan tartibda qonuniy jazosini ham olgan. Ammo jazodan toʻgʻri xulosa chiqarib, halol mehnat bilan shugʻullanish oʻrniga yana eski «kasbi»ni davom ettira boshladi. Faqat qilmishi yana oshkor boʻlmasligi uchun endi manzilni boshqa qildi, xolos.

Jasminaning yangi qoʻnim topgan joyi Qarshi tumani Bogʻobod massivi edi. U shu yerdagi xonadonlardan birini ijaraga olib, farzandi bilan yashay boshladi. Avvalgi eski tanishlariga telefon qilib, yangi manzili haqida xabar berib qoʻyishni ham unutmadi.

Qarangki, tez orada uning «ish»lari yana oldinga siljiy boshladi. Yengil-elpi ayollar, shaytoniy istaklari yoʻlida harom-xarish hayot tarzidan or qilmagan erkaklar bu manzilga tez-tez tashrif buyurib turadigan boʻlishdi. Ulardan biri Qarshi shahrida yashovchi Asror ismli yigit edi.

Bir oʻrtogʻidan Jasmina haqida eshitgan Asror unga telefon qilib, qizlar bor-yoʻqligi haqida soʻradi. «Hozir yoʻq, agar kelaman desanglar chaqiraman» deya javob berdi u.

Shundan soʻng, mijoz kechki payt aytilgan manzilga bordi. Bu paytda Jasmina oʻziga avvaldan tanish boʻlgan, Qarshi shahrida yashovchi Fayoza ismli ayolni ham chaqirib qoʻygan edi.

Jasmina mehmonxonasidan joy hozirlab, Asror va Fayozaning shahvoniy istaklarini amalga oshirishi uchun sharoit yaratib berdi. Soʻng bu hojatbarorligi evaziga yigitdan 75 ming soʻm pul olib, kelishilganidek 25 mingini Fayozaga tutdi. Bugungi daromaddan koʻngli toʻq boʻlib, endi «mehmonlar»ni kuzatayotgan ham ediki, darvozaning taqilab qolishi uni hushyor torttirdi.

Hududda oʻz xizmat vazifasini oʻtayotgan IIB xodimlarini yolgʻiz ayolning ijarada yashaydigan uyiga kelgan notanish kishilar  shubhalantirgan va holatga oydinlik kiritish maqsadida eshik qoqishgandi…

Jasmina Jabborova bu qilmishi uchun yana bir bor sudning qora kursisiga oʻtirishi muqarrar. Bir marta berilgan imkoniyatdan toʻgʻri xulosa chiqarmagan ayol uchun endigi jazo ham ogʻirroq boʻladi.

Shu oʻrinda yana bir gap. Odatda ayol shaxsiga taʼrif berar ekanmiz, koʻz oldimizda nafaqat ojiza,  nozik hissiyotlari ila yashovchi bir shaxs, balki shu bilan birga matonatli, vafoli, sadoqatli, ham jismonan, ham maʼnan chidamli bir zot gavdalanadi. Ammo oramizda ana shunday sifatlardan mosuvo, ayollik, onalik nomiga dogʻ tushirayotgan ayollarning ham borligi afsuslantiradi kishini.

Laziz YuLDOShEV,

Qarshi tumani IIB huzuridagi tergov boʻlimi katta tergovchisi


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.