18 +  RSS  E-mail
14:29, 10 07 2019

Buxoroda iqtisodiy samarasiz hududda zamonaviy yangi majmua bunyod etiladi


Dunyo tsivilizatsiyasining yirik markazlaridan biri boʻlgan, qubbatul islom deya eʼzozlangan Buxoro azaldan ilm-fan, maʼrifat, savdo va hunarmandchilik ravnaq topgan shahar sifatida dunyo ahlini oʻziga maftun etib kelgan.

Shu bois Buxoro jahon miqyosida Oʻzbekistonning eng koʻp sayyoh va mehmonlar tashrif buyuradigan hududlaridan biri sifatida eʼtirof etiladi.

Mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar, xususan, tashqi siyosatdagi ijobiy oʻzgarishlar sabab, koʻplab xorijiy mamlakatlar aholisi va salohiyatli investorlarga qulay shart-sharoitlar hamda qator yengilliklar yaratilishi tufayli keyingi ikki yida Buxoroga sayyohlar va mehmonlar oqimi 2,5-3 baravarga koʻpaydi.

Oʻz navbatida bu ijobiy oʻzgarishlar Buxoroda ham yildan-yilga millionlab turistlarni qabul qilish uchun yetarli darajadagi zarur infratuzilmani shakllantirish, zamonaviy mehmonxonalar, restoranlar, istirohat bogʻlari, biznes markazlar, banklar va boshqa obʼektlarni qurishni taqozo etadi.

Shundan kelib chiqib aytadigan boʻlsak, “Bukhara City” majmuasini barpo etish gʻoyasi – ayni vaqtida, puxta oʻylangan hamda millionlab aholi va sayyohlarning orzu-umidlarini roʻyobga chiqaruvchi loyiha sanaladi.

Qadimdan Buyuk Ipak yoʻlining markazida joylashgan Buxoro koʻp ming yillik boy tarixi, arxitektura yodgorliklari, madaniy meros obʼektlari, osoru-atiqalari bilan jahonda yaxshi tanilgan muqaddas shahar hisoblanadi.

Shu tufayli “Bukhara City” majmuasi loyihasini ishlab chiqish jarayonida koʻplab xorijiy davlatlar, jumladan, Frantsiya, Ispaniya, Turkiya, Ozarbayjon va Rossiya kabi mamlakatlarning tarixiy shaharlari hamda ularda barpo etilgan yangi bunyodkorlik obʼektlarini joylashtirish usullari chuqur oʻrganildi.

Bunda YuNESKO Umumjahon madaniy meros markazi talablari va xalqaro shaharsozlik qoidalarini yaxshi tushunadigan mahalliy va xorijiy mutaxassislar bilan maslahatlashgan holda “Bukhara City” majmuasini qurish uchun Buxoro shahrining tarixiy qismiga mutlaqo taʼsiri boʻlmagan holda qariyb 6 km uzoqlikdan joy tanlandi.

Yangi majmuani qurish uchun Hukumatning 2019 yil 8 iyuldagi “Buxoro shahrida “Bukhara City” zamonaviy ishbilarmonlik va turar joylar markazini barpo qilishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Buxoro shahrida aholi yashash uylari mavjud boʻlmagan, 15-20 yildan buyon boʻsh turgan va faoliyati samarasiz boʻlgan bir qator yirik sanoat korxonalari joylashgan 83 gektar oʻlchamdagi hudud belgilandi.

Obʼekt jozibadorligini oshirish, uni milliy meʼmorchilik, qolaversa, xalqaro andozalarga mos ravishda barpo etish va salohiyatli investorlarni jalb qilish maqsadida majmua bosh rejasi loyiha menedjeri sifatida, Turkiyaning “Studio Vertebra” kompaniyasi va qurilish sohasi rivojlangan davlatlarning loyihalash kompaniyalari tanlandi.

Buxoro shahrining Hofiz Tanish Buxoriy, Zulfiya, Qayum Murtazoyev, Ibrohim Moʻminov va Sanoatchilar koʻchalari oraligʻida bunyodga kelishi moʻljallangan “Bukhara City” majmuasi hududida zamonaviy mehmonxonalar, restoranlar, teatr, kinozallar, ofislar, banklar, biznes markazlar, savdo va maishiy xizmat shaxobchalari, klinika, maktab, bolalar bogʻchalari, sport obʼektlari va turar joylar qad rostlaydi.

Bir soʻz bilan aytganda, “Bukhara City” majmuasini qurish uchun tanlangan joy — Buxoro xalqi, xorijiy turistlar va mehmonlar uchun eng maftunkor goʻshalardan biri boʻlishi, 500 mln dollar kiymatidan ziyod investitsiya jalb qilinishi, buning evaziga 10 mingdan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratilishi hamda uzoq yillardan buyon eʼtibordan chetda qolgan, chang-toʻzonli maydonda shaharning koʻrkiga koʻrk qoʻshuvchi yangi zamonaviy hudud bunyod etilishiga mustahkam zamin yaratadi.

Buxoro viloyati hokimligi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.