18 +  RSS  E-mail
14:38, 10 07 2019

39 fermer nimadan shikoyat qildi?


Koʻp vaqt oʻtmadi: Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 yanvardagi tegishli qaroriga asosan mamlakatimizda fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalarining yer maydonlari maqbullashtirildi. Xususan, Qashqadaryo viloyatida ham shu maqsadda bir qator, asosan samarasiz faoliyat yuritib kelayotgan fermer xoʻjaliklari tugatilib, ularning oʻrnida yangilari tashkil etilgan yoki yerlari boshqa ilgʻor xoʻjaliklarga qoʻshib berilgan.

Ammo tan olish joiz, mazkur jarayonda koʻplab ziddiyatli vaziyatlar, manfaatlar toʻqnashgan holatlar yuzaga kelgani sir emas. Yeri olib qoʻyilgan fermerlar tomonidan turli idora va tashkilotlarga yoʻllanayotgan shikoyatlar salmogʻi ham shundan dalolat. Natijada Vazirlar Mahkamasining tegishli topshirigʻi bilan Respublika ishchi guruhi tuzilib, shu turdagi murojaatlar boʻyicha oʻrganish oʻtkazmoqda. Jumladan, ishchi guruh toʻrt kun davomida Qashqadaryoda boʻlib, viloyat hokimligi vakillari, Xalq qabulxonasi, shuningdek hududlardagi sektorlar rahbarlari,  tegishli idora va tashkilotlar masʼullari ishtirokida fermer xoʻjaliklarining yer maydonlarini maqbullashtirish bilan  bogʻliq ariza va shikoyatlarni oʻrganib chiqdi.

Oʻrganish davomida 39 ta ana shunday murojaat mualliflari bilan yuzma-yuz suhbat oʻtkazildi. Bildirilgan eʼtirozlar oʻrganilib, muammoni shaffof va adolatli tarzda hal etish choralari koʻrildi.

Misol uchun, Qamashilik sobiq fermer Chorshanbi Qoraxonovning 1 gektar bogʻ maydoni hududdagi «Berdimurodov Xudoyqul» fermer xoʻjaligiga qoʻshib berilgan. Murojaat muallifi yeri olib qoʻyilishidan norozi emas, ammo boshqa fermerga berilishi tarafdori. Agar shunday qilinsa, u oʻz yerida hechqursa ishchi boʻlib ishlashi mumkin. Ammo hozirgi fermer bilan murosa qila olmayapti.

Nishonlik Rahimjon Maksimov «Aknazarov Yunus Rajabovich» fermer xoʻjaligining 100 gektar yer maydonidan 10 gektari «Yusupov Ibragim bobo» va «Choriyev Baxriddin» fermer xoʻjaliklari tomonidan noqonuniy egallab olinganligi boʻyicha murojaat qilgan.

Ishchi guruh tomonidan mutasaddilarga 3 kun ichida joyiga chiqib, fermer xoʻjaliklari yer maydonlarini oʻlchovdan oʻtkazish hamda chegaralarini aniq belgilab berish topshirildi.

Shuningdek, yana bir qator shikoyatlar borki, fermer yillar davomida yerga egalik qilgan, ammo rivojlanish yoʻq. Yerdan samarasiz foydalangan, shartnoma rejalari bajarilmagan. Yana yeri olib qoʻyilganidan norozi.

Misol uchun, Gʻuzor tumanilik Humoyun Buxorov «Abror Oʻral oʻgʻli» fermer xoʻjaligining paxta-gʻallachilika ixtisoslashgan  100 gektar maydoni noqonuniy ravishda tuman zaxirasiga olinganini bildirgan. Ammo ishchi guruh ishtirokida holat toʻliq oʻrganilganda, ushbu xoʻjalikda yerdan samarasiz foydalanib kelinayotgani, jumladan, 2019 yil hosili uchun chigit ekilishi rejalashtirilgan 8,5 ga maydonga boshqa ekinlar joylashtirgani aniqlandi. Yaʼni yerlardan maqsadsiz va samarasiz foydalanilganligi uchun yer maydoni qonuniy asos bilan qaytarib olingan. Fermerga bu haqda tushuncha berildi.

Yoki Shahrisabz tumanidagi «Avazov Ilxom Suyunovich» bogʻdorchilik fermer xoʻjaligini olaylik.

Fuqaro Badiyeva Zebuniso mazkur xoʻjalikning 4,5 gektar yer maydoni Fermerlar kengashi xulosasi asosida olib qoʻyilganligidan norozi. Holat oʻrganilganda, fermer ushbu bogʻdan samarasiz foydalanilgani, jumladan, 0,01 gektar maydonda noqonuniy qurilish qurgani aniqlanib, dalolatnoma rasmiylashtirilgan.

Umumiy hisobda, ishchi guruh oʻrgangan murojaatlarning 34 tasida fermer xoʻjaliklari yer maydoni noqonuniy ravishda qaytarib olinganligi, 1 tasida yer maydoni qaytarib olingan, lekin xarajatlari qoplab berilmaganligi bildirilgan. Yana 4 ta murojaat esa bunga qadar hal etilganligi uchun koʻrilmasdan qoldirildi.

9 ta murojaat esa oʻz isbotini topmadi. Yaʼni sobiq fermer xoʻjaligi rahbarlarining oʻz arizasi yoki ekin maydonidan maqsadsiz va samarasiz foydalanishi oqibatida yeri qaytarib olingani aniqlandi.

Yana 26 ta murojaat boʻyicha esa fuqarolar haq. Ular koʻtargan muammolar yechimi boʻyicha aniq takliflar oʻrtaga tashlanib, shular yuzasidan masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi.

Ishchi guruh tomonidan koʻrilgan murojaatlar yuzasidan mutasaddi tashkilot va rahbarlarga yuklatilgan vazifalarning oʻz muddatida bajarilishi nazoratga olingan.

M.RAXMATOV,

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat

majmui ustidan nazorat qilish inspektsiyasi  katta inspektori


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.