18 +  RSS  E-mail
11:31, 09 07 2019

Uzoq kutilgan baxt


Tarbiyasi chiroyli, diyonatli, goʻzal axloqli qiz bor edi. Qoʻshni yigitning ishqi tushib qizni qoʻlini soʻradi. Qiz bu xabarni onasiga aytdi. Ona bu gapni eshitib, qattiq yigʻlashga tushdi. Chunki shifokorlar:

— Qizingiz turmush qursa ham, farzand koʻrolmaydi, u bepusht! Shunday yashab oʻtadi, — deb aytishgandi. Ona bu tashxisni qiziga eslatib:

— Qizalogʻim, yigitga rad javobini ber! U sening xulqing uchun rozi boʻlsa ham, farzandsizlik ogʻir sinov. Bir kuni qalbingni sindirib qoʻyadigan gaplarga sabab boʻladi, — dedi.

Qizning koʻzlaridan marjondek yoshlar oqib tusharkan:

— Har kecha turib, Robbimdan soʻrayman! Albatta, Alloh bu shirin neʼmatini mendan darigʻ tutmaydi… Alloh — bevazir Podshoh… Inʼomi uchun hech kimdan maslahat olmaydi, — dedi.

Ona:

— Qoʻy, qizim. Yolgʻon umidlar bilan oʻzingni aldama. Sen aytayotgan narsaning iloji yoʻq! — dedi. — Shifokorlar menga qayta-qayta, taʼkidlab aytishgan. Sening peshonangga bepusht deb yozilgan. Bolali boʻlaman deb soddalik qilma! U yigitga haqiqatni bildir! — dedi.

… Qiz noiloj onasining gapini inobatga oldi. Yigitga rad javob va haqiqatni bildirdi. Lekin, yigit undan kechmadi. Fikrida qatʼiy turib, unga uylandi.

Toʻy ham boʻlib oʻtdi. Bechora qiz har kecha turib xushuʼ ila TAHAJJUD namozini oʻqir, Allohning fazli — marhamatini soʻrar edi.

U shunday derdi:

— Ey rahmati barcha narsadan keng boʻlgan Zot…! Ey olamlarni yaratgan Parvardigor..!

Ey Hay, ey Qayyum — Alloh..! Meni onalik baxtidan ham mosuvo qilma..! Allohim, millionlab ayollarga onalik baxtini berding! Men ham ona boʻlishga, umidvorman! — derdi.

… U shu yoʻsinda 14 yil umidini soʻndirmasdan, charchamasdan, erinmasdan, kanda qilmay, malollanmasdan soʻradi. Shuncha yildan, uzoq muddatdan soʻng, Alloh uning duolarini IJOBAT qildi…

Unga birdaniga uch egiz farzandlarning onasi boʻlish sharafini nasib qildi…

U bolalar oʻta sogʻlom, baquvvat boʻlib tugʻilishdi. Goʻzal va barkamol boʻlib, voyaga yetishdi..!

Noumid boʻlma dil, noumid shayton.

Umidsiz koʻngilga xazonlar toʻlar.

Haqqa duolar qil, duolar qoʻrgʻon.

In sha ALLOH, hammasi yaxshi boʻlar…

Bil shunchaki emas, qiyinchiliklar.

Tiyinsizlikdagi tiyinchiliklar.

Oxiratda boʻlgay, suyinchiliklar.

In sha ALLOH, hammasi yaxshi boʻlar…

Farzlarni ado et, qoʻyma sunnatni.

Etagidan tutgil, ahli hikmatni…

Niyatni poklagin, dilim, niyatni.

In sha ALLOH, hammasi yaxshi boʻlar…

Maxsitali MALLAYEV.

“Oqibatlilar”dan.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.