18 +  RSS  E-mail
11:26, 09 07 2019

Investorlar uchun yangi imkoniyatlar


Bugungi globallashuv davrida yurtimizning jahon mamlakatlari bilan oʻzaro integratsiyalashuvi qizgʻin kechmoqda. Jumladan, yaqinda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vaziri R. Davletov boshchiligidagi delegatsiyaning Buyuk Britaniya poytaxti — London shahriga xizmat tashrifi doirasida bir qator muhim uchrashuvlar boʻlib oʻtdi.

Adliya vaziri tumanli Albion mutaxassislari bilan “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi hududida ingliz qonunchiligini joriy etish masalalarini muhokama qildi. Xususan, u, Buyuk Britaniya huquq jamiyatining vitse-prezidenti Saymon Devis va ushbu davlat Yuristlar xalqaro assotsiatsiyasining jamoatchilik va professional qiziqishlar boʻyicha departamenti raisi Sara Xadchinson bilan uchrashdi.

Maʼlumki, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yuksak salohiyatga ega Navoiy viloyati erkin iqtisodiy hudud, deb eʼlon qilindi. Bu, oʻz navbatida xorijiy kompaniyalar vakillari va ishbilarmon doiralarining vohamizga boʻlgan qiziqishini kuchaytirib, yangi loyihalar hamda investitsiyalar salmogʻi oshishiga turtki boʻldi. Ayni paytda nafaqat yurtimiz, balki chet ellarda ham vohamiz imkoniyatlarini namoyish etuvchi taqdimotlar oʻtkazilmoqda.

Buyuk Britaniyaning huquq jamiyatida oʻtkazilgan uchrashuvda S. Devisga mamlakatimiz rahbarining “Navoiy” EIZ hududida ingliz qonunchiligini joriy etish niyati mavjudligi hamda bunga tayyor ekanligi haqida maʼlumot berildi. Davlatimiz adliya vaziri mintaqada ishtirokchilarni huquqiy tartibga solish vositasi sifatida ushbu qonunchilikning toʻliq ishlashini taʼminlash uchun tegishli infratuzilma va tizimni yaratish muhimligini taʼkidladi.

S. Devis, oʻz navbatida, ingliz qonunchiligini qoʻllash butun Oʻzbekiston taraqqiyotiga ijobiy taʼsir koʻrsatishini, chunki xalqaro biznes hamjamiyati bu tizimga ishonishini taʼkidladi. U yurtimiz hududida ushbu amaliyotni oʻrganish va amalga oshirishda oʻzbek hamkasblariga yordam berishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, huquqni muhofaza qilish dasturlarini yanada takomillashtirish muhimligi borasida soʻzlab, Toshkent shahridagi “Yurisprudentsiya” sohasi boʻyicha xalqaro universitet filialining faoliyatini qoʻllab-quvvatlashini izhor etdi. Shu bilan birga, huquqshunos talabalar uchun oʻquv mashgʻulotlari va Londonda oʻzbekistonlik yuridik xodimlarning amaliyotini tashkil etish imkoniyatlari haqida toʻxtaldi.

Buyuk Britaniya Yuristlar xalqaro assotsiatsiyasidagi uchrashuv davomida mazkur sohani yanada rivojlantirish va Oʻzbekistonda yuqori malakali yuridik kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.

S. Xadchinson IBA bilan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Toshkent davlat yuridik universiteti, shuningdek, mamlakatimiz Advokatlar palatasi oʻrtasida yurtimizda ushbu kasbni rivojlantirish va yangi avlod huquqshunos xodimlari uchun oʻquv rejalari hamda dasturlarini ishlab chiqishda birgalikda ishlash maqsadida hamkorlik qilishni taklif qildi.

Shu bilan birga, ingliz tomoni har yili Toshkent va Samarqandda, masalan, joriy yil oktyabrь-noyabrь oylarida IBA forumini tashkil etish va oʻtkazish tashabbusini ilgari surdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar uzoq muddatli va samarali hamkorlikka umid bildirib, erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi yuzasidan muzokaralarni davom ettirishga kelishib oldilar.

Jamoliddin AHTAMOV,

“Doʻstlik bayrogʻi” muxbiri.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.