18 +  RSS  E-mail
13:59, 08 07 2019

Yangiobodda hujjat topshirish jarayonlari qanday kechmoqda?


Talaba degan nomga sazovor boʻlishni kim ham hohlamaydi, deysiz.

Albatta talaba boʻlish oson emas, buning uchun doimiy harakat, kitob mutolaasi, kechani-kunduzga ulash. Eh-e, qanchalar mashaqqatli jarayon. Qiyinchilik ortidan esa yaxshi, quvonchli kunlar keladi.

Avvallari bitta OTMga hujjat topshirish uchun yoshlar ertalabdan-kechgacha navbat kutib oʻtirishar edi. Bitta hujjat boʻlmasa,  uni tayyorlash uchun yugur-yugurini aytmaysizmi? Tibbiy maʼlumotnomani  olish bir dahmaza, turar joydan maʼlumotnoma olish esa ustiga-ustak ovoragarchilik edi.

Endi, boshqa viloyatga borib kelish xarajatlari-yu, farzandini yetaklab olgan ota-onalarning oʻzga shaharlarda ijara izlab sarson boʻlganini aytmaysizmi? Yashirib nima qildik, buni hammamiz yaxshi bilamiz.

Bugungi jarayonlarga nazar tashlasangiz qancha yengilliklar, imkoniyatlar yaratildi. Bir emas,  5 ta OTMdan 3 tasiga hujjat topshirish mumkin. Eng quvonarlisi shuki, test sinovlariga bor yoʻgʻi bir martagina kirasiz bundan tashqari, imtihon boʻladigan joyni ham oʻzingiz tanlaysiz. Bunday sharoitlarni bilgan, koʻrgan har qanday inson yana bir bor baxtini sinab koʻrgisi keladi-da. Xattoki, 72 yoshga toʻlgan ayolning hujjat topshirishiga nima deysiz?

Hujjatlar qisqartilganligiga ishonch hosil qilish, farzandi bilan oʻqishga hujjat topshirish uchun kelgan onaxon Yangiobod tuman Davlat xizmatlari markaziga murojaat etdi. Ota-ona yaratilgan qulay sharoitlarning guvohiga aylandilar.

Qizining yonida boʻlishni xohlaganlaridanmi hujjat topshirish vaqtida xodimlardan bilmaganlarini soʻrab olishdi. Soʻragan nima kerak dersiz, axir ular tumanda joylashgan “Sarmich” MFY Pastki Sarmich qishlogʻida istiqomat qilishadi.

U yerlik yoshlarga ham bilganlarini yetkazish uchun maʼlumotlar boʻlishi lozim. Shahnoza Abdujabborova ota-onasining maslahatiga koʻra Guliston Davlat universitetiga hujjat topshirdi. Qolgan 2 ta OTM ni aynan ularning roziligi bilan tanladi. Xullas, Shahnoza uchun bugungi kun tanlovi ota-onasining koʻmagi bilan boʻldi.

Shahnozaning hujjat topshirishini kuzatib oʻtirgan Zulxumorxon Tursunqulova joriy yil tuman Agroiqtisodiyot kasb-hunar kollejini tamomladi. Bolalarga boʻlgan mehridan boʻlsa kerak Guliston Davlat universitetining maktabgacha taʼlim yoʻnalishini tanladi.

— Bu yil bitirgan abituriyentlar uchun toʻlov yoʻqligi, 10 daqiqani ichida hujjat topshirish, bir emas 3 ta OTM tanlash ochigʻini aytsam bunday sharoitdan xursand boʻldim. Ayni vaqtda test imtihonlariga tayyorgarlik koʻrib boryapman. Nasib boʻlsa talaba boʻlaman, — deydi murojaatchi.

Hujjat topshirish jarayonlari 15 iyundan boshlangan boʻlsa, shu kunga qadar Yangiobod tuman DXMning oʻzida 130 dan ortiq abituriyentlarning hujjatlari qabul qilindi. Yoshlar orasida eng koʻp tanlangan OTM bu Guliston Davlat universiteti hisoblanadi — 127 ta hujjat.

Topshirganlarning 57 nafari kasb-hunar kollej bitiruvchilari boʻlsa, 11-sinfni tamomlaganlar 70 nafarni tashkil etadi.

Bahodir MANSUROV,

Yangiobod tuman DXM hujjatlarni qabul qilish va taqdim etish boʻlimi boshligʻi


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.