18 +  RSS  E-mail
14:03, 08 07 2019

Oʻzbekistonda Baliqchilik ilmiy markazi ochildi


Toshkent davlat agrar universitetning Qishloq xoʻjaligida innovatsion ishlanmalar va maslahat markazi hududida Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Xitoy Xalq Respublikasining “Shuntong Agriculture Company” kompaniyasi, “Ipoteka bank” ATB bilan hamkorlikda qiymati 300,0 ming dollarga teng baliqlarni koʻpaytirish, urchitish boʻyicha zamonaviy texnika va texnologiyalar asosida Baliqchilik ilmiy markazining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Markazning hududi 2,0 gektarni tashkil etadi. Shundan 1,2 gektari ochiq suv havzasi boʻlib, unda baliqning sazan, laqqa, farel, oqamur, tolstolob turlari boqilmoqda.

Markazda ilmiy-pedagogik kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, talabalarning malakaviy amaliyotlarini oʻtkazish, gidrobiologiya, ixtiologiya ixtisosliklari hamda baliqchilik magistratura mutaxassisligi boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, servis xizmatini koʻrsatish, baliqchilik xoʻjaliklari mutaxassislarining malakasini oshirish asosiy maqsad etib belgilangan.

Shuningdek, Rossiya Federatsiyasining Astraxan davlat texnika universiteti bilan hamkorlikda joriy etilgan qoʻshma taʼlim dasturi doirasida “Suv bioresurslari va akvakul’tura” bakalarviat taʼlim yoʻnalishi talabalari uchun amaliy va laboratoriya mashgʻulotlarini olib borish rejalashtirilgan.

Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.