18 +  RSS  E-mail
15:31, 04 07 2019

Qurilish materiallari sohasiga ilmiy-tadqiqotlar natijalari joriy etiladi


Innovatsion rivojlanish vazirligi, Qurilish vazirligi, “Oʻzstandart” agentligi va “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi bilan birgalikda “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi qoshida tashkil etilgan Qurilish materiallari sanoati ilmiy-texnikaviy kengashining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Yigʻilishda Innovatsion rivojlanish vazirligi, Qurilish vazirligi, “Oʻzstandart” agentligi va “Oʻzsanoatqurilishmaterial-lari” uyushmasi, masʼul xodimlari ishtirok etdi. Majlis Innovatsion rivojlanish vaziri, Ilmiy-texnik kengash raisi Ibrohim Abduraxmonov tomonidan oʻtkazildi.

2019 yilda vazirlik tomonidan qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida ilmiy-tadqiqot ishlari boʻyicha umumiy qiymati 7,6 mlrd soʻmlik 10 ta yoʻnalishda innovatsion loyihalar tanlovi eʼlon qilindi. Mazkur tanlovlar gʻoliblari oʻz ilmiy tadqiqotlari natijasida energotejamkor, mahalliy xomashyolardan tayyorlanadigan, yuqori sifatli zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarish texnologiyalarini yaratishlari koʻzda tutilgan. Masalan, mahalliy muqobil yogʻoch xomashyosidan MDF plitalarini ishlab chiqarish texnologiyasini; polistrolli mahsulotlarning chiqindilarini ikkilamchi ishlab chiqarish asosida energiyatejamkor polistirolbetonli devorbop bloklar ishlab chiqish texnologiyasini yaratish; avtomobil yoʻllari qurilishida qoʻllash uchun mahalliy xomashyo asosida modifikatsiyalangan serobeton ishlab chiqarish; binolarni yopish va qoplash uchun mahalliy xomashyodan issiqlikni saqlovchi yengil plitalarni ishlab chiqarish texnologiyalarini yaratish shular jumlasidandir.

Yigʻilishda BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarish boʻyicha Akselerator tashkil etish muhokama qilindi va uni tashkil etishga kelishildi. Mazkur akselerator qurilish sohasidagi innovatsion gʻoyalarni va startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlash dasturi boʻlib, shuningdek qurilish sohasini raqamlashtirish masalasi bilan shugʻullanishi nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, Fanlar akademiyasining Umumiy va noorganik kimyo institutining “STROM” ilmiy-tadqiqot va sinov laboratoriyasi negizida yuqori qoʻshilgan qiymatli yangi turdagi innovatsion qurilish materiallarini ishlab chiqarish texnologiyalarini yaratish imkonini beruvchi zamonaviy laboratoriya tashkil etish masalasi muhokama qilindi. Bugungi kunda Respublikamizda zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan, barcha turdagi qurilish materiallarining kimyoviy va fizik xususiyatlarini har tomonlama tahlil qila oladigan laboratoriyaga ehtiyoj katta ekanligi taʼkidlandi. Qurilish ishlari keng koʻlamda va sifatli amalga oshirilishi uchun xom ashyolarning muayyan talablarga javob berishini nazoratga olish dolzarb muammo ekanini inobatga olib, laboratoriya jihozlari roʻyxatini shakllantirishni muvofiqlashtiruvi ishchi guruh tashkil etildi.

Shuningdek Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazida tashkil etilgan startap akseleratorda Turkiyaning ilmiy texnologik tadqiqotlar kengashi “TUBITAK” tashkiloti hamda Qozogʻistonning Nazarbayev universiteti bilan hamkorlikda “Tech Central Asia Tashkent” startap loyihalar tanlovlari eʼlon qilindi. Tanlov natijalariga koʻra issiqlikni saqlovchi yengil plitalar, polimer birikmalar, uy isitish tizimlari, ventilyatsiya va sovitish tizimlari qurilmalari ishlab chiqarish boʻyicha loyihalarni moliyalashtirish uchun homiy mablagʻlari ajratiladi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.