18 +  RSS  E-mail
15:37, 04 07 2019

Koʻp tarmoqning daromadi ham koʻp


Kechagi fermer bir yoki ikkita tarmoq bilan cheklangan boʻlsa, bugun oʻnlab yoʻnalishlarda samarali ish yuritayotgan xoʻjaliklar soni koʻp. Endilikda qishloq taraqqiyotini ularning ishtirokisiz tasavvur etish qiyin.

Koson tumanidagi «Shermat Saidov» fermer xoʻjaligi ham hududdagi yirik tadbirkorlik subʼektlaridan biri hisoblanadi. Bir necha yil muqaddam paxta va gʻalla yetishtirish bilan faoliyat boshlagan fermer oʻzining tashabbuskorligi, tadbirkorligi evaziga yana 10 dan ortiq qoʻshimcha tarmoqlarni ishga tushirdi. Natijada daromad keluvchi manbalar soni oshib, xoʻjalikning iqtisodiy salohiyati yuksalib bormoqda. Bu esa yana yangi loyihalarni yoʻlga qoʻyish imkonini berayapti.

— Ayni paytda 152 gektar suvli hamda 21 gektar lalmi yer maydonimiz bor, — deydi xoʻjalik ish yurituvchisi  Ikrom Suyarov. — Bu yerda paxta, gʻalla va chorva ozuqasi yetishtiramiz. Chunki soʻnggi yillarda chorvachilik ham asosiy tarmoqlarimizdan biriga aylanib ulgurdi. Hozir 80 ga yaqin yirik shoxli mollarimiz bor. Ularning 30 tasi xorijdan olib kelingan zotdor sigirdir. Bundan tashqari, 500 boshdan ortiq mahalliy zotga mansub qoʻy, 50 bosh ot hamda 20 ga yaqin tuya boqayapmiz. Hududdagi koʻplab tadbirkorlik subʼektlari bilan chorva mahsulotlari yetkazib berish borasida shartnomalarimiz mavjud.

Shu bilan bir qatorda, xoʻjalikda boshqa qishloq xoʻjaligi subʼektlari va aholi tomorqalariga shartnoma asosida texnika xizmatlarini koʻrsatish ham samarali yoʻlga qoʻyilgan.

— Ish boshlagan dastlabki yillarimizdanoq xoʻjalikning moddiy texnika bazasini shakllantirishga, faoliyatimiz uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga harakat qilganmiz, — deydi Ikrom Suyarov. — Bugunga kelib «Keys», «Magnum» kabi zamonaviy oʻrim va haydov texnikasi, 5 ta yangi «MTZ» rusumidagi traktor, shuningdek, barcha turdagi qishloq xoʻjaligi uchun zarur agregatlarimiz mavjud.

Albatta, daromadning oshishi fermerga boshqa sohalarga ham sarmoya kiritish imkonini bermoqda. Masalan, bir necha yil avval u tumanda 600 oʻrinli zamonaviy toʻyxona qurib, foydalanishga topshirgan edi. Soʻng yoniga yana koʻplab xizmat koʻrsatish va savdo doʻkonlari tarmogʻi qoʻshildi.

Xoʻjalik vakilining taʼkidlashicha, ayni paytga kelib xoʻjalikda 130 dan ortiq kishi doimiy ish oʻrniga ega. Yil davomida yana koʻplab mavsumiy ishchi kuchidan ham foydalaniladi. Daromad ham shunga yarasha. Oʻtgan yili xoʻjalikda faqat sof foydaning oʻzi qariyb 400 million soʻmni tashkil etgan. Bu yil esa kamida yarim milliardni koʻzlab mehnat qilishmoqda. Shu bilan birgalikda, yana yangi tarmoqlarni tashkil etish, eng avvalo oʻzi yetishtirayotgan mahsulotlarni shu yerning oʻzida qayta ishlab, bozorga tayyor mahsulot holida chiqarish fermerning navbatdagi rejalaridan biriga aylangan.

Albatta, faqat bitta tarmoqni ushlab, kelayotgan daromadga qanoat qilish bugungi davr uchun begona. Buni toʻgʻri anglab, shunga monand harakat qilayotgan, yangi-yangi loyihalarni roʻyobga chiqarayotgan fermer borki, sohada yanada katta yutuqlarga erishmoqda. Shu asnoda el-yurt farovonligiga, qishloqlar obodligiga hissa qoʻshayapti. Aslida fermerlik harakatidan koʻzlangan maqsad ham ana shu: har bir fermer aholining farovon hayoti, qishloq taraqqiyotiga hissa qoʻshadigan yetakchi kuchga aylanishiga erishishdir.

J. BOYMURODOV.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.