18 +  RSS  E-mail
14:25, 03 07 2019

Tantiq qizning tarbiyasi


— Assalomu alaykum, onajon. Yaxshigina oʻtiribsizmi?

Qizining ovozini eshitib, Mohitob opa oʻqiyotgan gazetasi va koʻz oynagini stolga qoʻyib, koʻrishish uchun qoʻzgʻaldi:

— Vaalaykum assalom, qizim. Kela qol, oʻzim oʻrgilay, kelishlaringdan sening…

— Salomatmisiz, onajon? Yaxshi oʻtiribsizlarmi? Dadam omonmilar, — Firuza onasini quchogʻidan qoʻyib yubormay soʻrashdi.

— Hamma yaxshi. Oʻzing sogʻ-salomatmisan? Bolalaring, kuyov yaxshimi? Qaynona-qaynotanglar yaxshi yurishibdimi?

— Shukur… — Firuza horgʻinlik bilan qisqa javob qildiyu, yumshoq oʻrindiqqa choʻkdi. — biroz parishonman, onajon. Shuning uchun yoningizga keldim. Sizni koʻrsam, ichimdagilarni toʻkib-solsam yengil tortaman-da, onajon… Boringizga shukr…

— Nima boʻldi, tinchlikmi? Kuyov bilan…- Mohitob opa sarosimlanib chaynaldi.

— Yoʻq, onajon. Kuyovingiz bilan tortishganim yoʻq. Xotirjam boʻling, sevimli kuyovingizga aytganingizdan ham ziyoda yaxshi rafiqalik burchimni bajaryapman. Boshqa narsadan zerikdim, onajon…

— Voy, poshshapam kelibdilaru, assalomu alaykum, — ukasining xotini bilan salom-alik qilib onasiga maʼnoli qaragandi, Mohitob aya keliniga dasturxon tuzashni buyurdi.

— Xoʻsh, nimadan parishonsan, qizim? Tinchlikmi?…

— Ha, onajon… Havotir olmang. Oʻzim shunchaki, boʻlib turadiku odam-da…

Kelin yangilab kelgan choyni ohista qaytarib, piyolalarga quyib onasiga uzatarkan, Firuza kulimsiragan kuyi gap boshladi:

— Onajon, siz mening tarbiyamda qiynalmaganmidingiz?..

Mohitobon aya qizining kutilmagan, gʻalati savolidan hayratlanib kuldi. Soʻng qiziga sinovchan nazar solib:

— Nega toʻsatdan bu savol xayolinga keldi, qizim, — deya soʻradi.

— Toʻsatdan emas, onajon, anchadan beri bu savolni mulohaza qilaman. Bolaligimni, oʻsmirligimni oʻylayman. Qizim bilan oʻzimni solishtiraman. Oʻzimning onaligim bilan sizning onaligingizni chogʻishtiraman. Koʻpdan beri bu borada halovatim yoʻq, onajon. Nazarimda Farangizning tarbiyasida xatoga yoʻl qoʻydimov…

— Unday dema, qizim, — Mohitob aya qoʻlini havoda silkitdi. — Xato qilishdan Alloh asrasin…

— Juda injiq, tantiq boʻlib ketyapti borgan sari. Buning ustiga kiyimga ham oʻch. Unga desa har kuni bozorga tushsa, har kuni yangi kiyim olib kiysa. Yana ancha-muncha narsani nazari ilmaydi ham. Oʻn besh yashar qizcha atir-upaga ruju qoʻyganini-ku qanday tushunishni ham bilmayapman. Biz ham bir paytlari yosh boʻlganmiz, biz ham kiyimga qiziqqanmiz, chiroyli kiyingimiz kelgan, lekin… — Firuza shunday deyayotib oʻziga kulimsiragan kuyi termulib turgan onasiga koʻzi tushdi. Nimadandir xijolat chekkanday gapini toʻxtatdi…

Bolaligida ham, oʻsmirligida ham onasi Firuzani ortiqcha erkalamasdi. Biror marta “Firuza”, “asal qizim”, “shirinim” deganini eslolmaydi. Onasining unga murojaati “Hoy, sen qiz!” boʻlardi. Firuza ayniqsa oʻsmirlik paytlarida onasining “Hoy, qiz!” deganini eshitsa aʼzoyi badanini qaltiroq tutib, tili “labbay”ga kelishmasdi. Oshxona, roʻzgʻor ishlariga qachon kirganini hatto eslay olmaydi ham. Esini taniganidan beri ovqat qilish, uy tozalash, kir yuvish — hammasi Firuzaning zimmasida edi. Maktabdan qaytib onasi ishdan kelgunicha aka-ukasining kiyimlarini yuvib, ovqat tayyorlab turar, tagʻin “ishqilib, bajargan ishlarim onamga yoqsin-da” degan hadik bilan onasini kutardi. Turmushga chiqqunigacha kiyim-kechagini onasi tanlab, kiyintirar, hatto sochini ham onasi istaganiday turmaklardi. Bu hol Firuzaga yoqmas, u ham dugonalaridek sochini oʻzi xohlagandek turmaklab, dugonalaridek chiroyli kiyinib yurishni istardi. Onasidan bekitiqcha dugonalariga havas qilib tirnoq boʻyogʻi, lab boʻyogʻi yana allambalolar sotib olardi-yu, onasi koʻrib qolishidan xavotirlanib dugonasiga “Senikida tursin” deb berib yuborardi. Onasi hech qachon Firuzaga biror ishni erkalab oʻrgatmagandi. Har bir sabogʻi:

“Hoy qiz! Xamir yoyishni oʻrganmasang, erta bir kun borgan joyingga menga malomat olib kelasan! Yuvgan kirlaringni yaxshilab chayishni unutma! Sovun hidi urib qolmasin! Piyozni kuydirmay qovur!” kabi buyruq ohangida boʻlardi. Hatto uzatilayotganida ham kiyimlarini onasi xohlagandek tiktirgandi.

Kengroq, uzunroq qilib, oʻzbekcha urfda tiktir koʻylaklaringni! Hartugul senga begona joylar, buning ustiga qishloqqa uzatilyapsan. Haqiqiy kelinchak boʻlib yur. Kalta-kulta, tangu tor kiyinib hammaning koʻziga baloday koʻrinma! Kiyinish ham odamning feʼl-atvoridan darak beradi. Koʻylaklaringni koʻrib qaynonang “He senga tarbiya bergan onangni…” deb shaʼnimga tupurmasin!..

Firuza onasidan ich-ichidan xafa edi. “Onam menga xuddi zolim qaynonadek munosabatda boʻladilar. Shunchalik meni yomon koʻradilarmi?” Hatto oʻsmirligida “Ota-onam meni asrab olganlar chogʻi, onamning menga mehri yoʻq” degan hayolga ham borgan edi. Onasidan farqli otasi Firuzaga mehribon edi.

— Bitta qizni shunchalik qiynaysanmi, onayam shunaqa zolim boʻladimi?- deb Ravshan aka xotinini koyirdi.

— Qoʻyavering, vaqti keladi siz ham, qizingiz ham menga rahmat aytasizlar, — derdi unga javoban Mohitob opa. Lekin Firuza onasiga “rahmat” demagan ekan. Qiziq, nega shu paytgacha bu haqida oʻylab koʻrmadi? Firuza onasiga zimdan termuldi. Chindan ham boshqa dugonalaridek qaynonasining injiqligini “zulm” deb bilmadi u. Qaynonasi biror ishidan ayb topolmasdi ham. Ishlaydigan kelin boʻlsa ham hamisha osh-ovqati tayyor, pechida tansiq shirinlik hidi anqib turadi, uyidan hatto bir dona yuvilmagan roʻmolcha chiqmaydi. Turmushga chiqqanidan beri Firuza “charchadim” degan soʻzni ishlatgani yoʻq. Dugonalari-chi… Qoʻlini sovuq suvga urmaydigan, balogʻatga yetib-etmay kiyim-kechakka, pardoz-andozga ruju qoʻygan dugonalari hayotda oʻrnini topgunicha rosa qiynalishdi. Gap-soʻz, qoʻydi-chiqdilarga borgan dugonalarinining ahvolini koʻrganida ham onasining haq tarbiyasidan minnatdor boʻlmabdi. Qaytanga “Onam meni koʻp urishardilar, men qizimga zugʻum qilmayman! Qizimni qoʻgʻirchoqday yasantirib yuraman. Qozon-tovoq, kir-chirni turmushga chiqqanida ham oʻrganadi” deb xato oʻylagan ekan. Endi oʻzi pishirgan oshni oʻzi taxir deyaptimi?..

… — Hali ham kech emas, ona qizim,- Mohitob opa muloyim kulimsirab gap boshladi.- Toʻgʻri, endi biroz qiynalasan, lekin kech emas. Bolam-a, seni qanchalik yaxshi koʻrishimni, jonu jahonim, boru yoʻgʻim ekaniningni bilmasmiding? Senga hamma ishni bolaligingdan oʻrgatganim, kiyinishinga, yurish-turishinga qatʼiy turganim- seni qogʻozga oʻralgan qandday asraganimdan, senga gard yuqmasligini istaganimdan edi, qizim-jonim! Qaynonang, qayinboʻyinlaring senga bir ogʻiz tanbeh berishlarini aqlimga sigʻdirolmasdim, Firuzajon! Sen shunchalik qattiq yaxshi koʻrganimdan, “qizim hamma ishni puxta egallasa, kiyinishi orasta, kamtar boʻlsa, bolamdan birov ayb topmaydi, tanbeh bermaydi” deb oʻylagandim. Tarbiyam senga pand berdimi, jon qizim?

Firuzaning koʻzlaridan tirqirab yosh chiqdi:

— Onajon!.. Meni kechiring, nodon ekanman! Sizni tushunmagan ekanman, onajon. Qaynota-qaynonam, kuyovingiz, qayinboʻyinlarimning hurmat-izzati sizning tarbiyangiz mahsuli ekanini oʻylamagan ekanman. Bilasiz-ku, uyda biror tadbir boshlasak, qayinotam “Firuza kelindan maslahat olaylik” deb albatta fikrimni biladilar. Shu paytgacha qaynonam biror ishimdan ayb topmaganlar, axir injiq, serzardaliklari hamma joyga daʼvoyu doston boʻlgan-ku! Hech qachon oyijon menga “Obbo, bu ishni oʻxshatmabsiz-ku!” demaganlar. Onajon, bularning hammasi sizning sharofatingizdan ekan, bilmabman, oʻylamabman. Kuyovingizga kiyim deb tixirlik qilganimni, taqinchoq deb janjal qilganimni eslamayman. Oʻzlari iyib olib kelsalar kiyaman, taqaman, imkoniyatlari yetmasa taʼma qilmayman. Oʻylamabmanki, feʼlimdagi bu xislatlar hammasi sizning tarbiyangiz samarasi ekan. Nega qizimga shunday qilmadim? Nega menga onalik tutumingizni oʻrgatmadingiz, onajon?..

— Bolaginam-ey, har bir insonning farzand tarbiyasida oʻz orzusi boʻladi. Men onam menga bergan tarbiyani senga berdim. Sen mendan oʻrganganingni qizingga oʻrgatasan, deb oʻylabman. Haddan ortiq Farangizingni erkalatganingda koʻnglim oʻksiydi, toʻgʻrisi, “Qizim bola boʻlib erkalik qilmagandi, koʻnglida armon qolibdi-da” deb oʻylayman.

— Onajon… Meni kechiring, sizni tushunmaganim uchun, yillar boʻyi xafa boʻlib yurganim uchun…- Firuza onasining bagʻriga boshini qoʻyib yigʻlab yubordi.- Nega buni oldinroq bilmadim?..

— Yigʻlama, qizim. Qoʻy, kelining koʻrsa, boshqacha oʻylamasin. Sen yaxshisi Farangizni menga yubor. Bir muddat menikida yashab, oldimda yursin. Maktabiga ham ukang mashinasida olib borib, olib keladi. Tashvishini qilma. Bunaqa yigʻlab yurishing yaxshi emas. Hech havotir olma, odam bolasi aslidan qochib hech qayerga ketolmaydi! Farangizing ham oʻzinga oʻxshagan epli, saranjom, kamtar ayol boʻladi. Hali Farangizga oʻxshagan oʻnta qizni tarbiyalaydigan quvvatim bor, mening!

Ona — bola yengil kulishib oldilar. Darvozaxona tomondan Ravshan akaning tomoq qirgani eshitildi. Firuza oʻrnidan qoʻzgʻalib, otasiga peshvoz chiqishga oshiqdi. Osmondan qora bulutlar tarqab, ayolning xotirjam tortgan koʻnglidek musaffo havo tanga rohat bagʻishlardi…

Umida ADIZOVA.

“Ona mehri” dan.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.