18 +  RSS  E-mail
14:18, 03 07 2019

Mohim buvi “Oila”ga nega maktub yoʻlladi?


Olot tumani “Akkali” mahalla fuqarolar yigʻini hududida istiqomat qiluvchi Mohim Roʻziyeva ”Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi viloyati boshqarmasi rahbari nomiga minnatdorlik maktubi yoʻlladi.

— Kelinim oʻgʻlim bilan oʻzaro nizolashdi, achchiq ustida ikki bolani yetaklab onasinikiga ketdi, — deydi onaxon. — Shundan soʻng koʻnglimga qil ham sigʻmay qoldi. Bolali uy-bozor. Nevaralarimni shunaqangi sogʻindimki, asti qoʻyasiz.

Er-xotinning urishi — doka roʻmolning qurishi, deyishadi. Ammo bu yosh oilani murosaga keltirish oson kechmadi. Obroʻli insonlar, nufuzli idoralar aralashdi. Boʻlmadi. Voqeadan xabar topgan ”Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi mutaxassislari nihoyat, ikki yosh hamda ular ota – onalari koʻngliga yoʻl topdilar.

— Kelinim va nevaralarim bagʻrimga qaytishdi, — deydi Mohim buvi. — Ikkalasi ham sport bilan shugʻullanmoqda. Yaxshi natijalarga erishishmoqda. Xursandligimdan “Oila” markaziga minnatdorlik maktubi yoʻlladim. Baraka topishsin.

— Joriy yil dastlabki choragida viloyatda 3214ta nikoh qayd etildi, — deydi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi viloyat boshqarmasi rahbari, falsafa fanlari doktori Abira Huseynova. — Ajrimlar soni esa 498 tani tashkil etdi. Oʻrganish koʻrsatdiki, ajrimlarning 59,9 foiziga er-xotinning oʻzaro kelishmovchiligi sabab boʻlayapti. Shuni nazarda tutib, “Boʻlgʻusi kelin-kuyovlar innovatsion maktabi”ni tashkil etdik. Unda hozirgacha 500 juft boʻlgʻusi kelin-kuyov tahsil oldi va sertifikatlar bilan taqdirlandi. Bunday innovatsion maktablar Buxoro shahrida, Olot, Jondor, Shofirkon, Kogon, Qorovulbozor va Romitan tumanlarida ham faoliyat koʻrsatmoqda. Birinchi chorakda aniqlangan notinch, nochor va muammoli oilalar bazasi shakllantirildi. Ular 984 tani tashkil etdi. Ushbu oilalar bilan oʻtkazilgan tadbirlar natijasida 210 ta oila notinch xonadonlar roʻyxatidan chiqarildi.

Yanvar oyidan boshlab tumanlar kesimida yarashtirilgan oilalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasi ham yaratib borilmoqda. Jumladan, yanvar oyida 116 ta, fevralda 138 ta, martda 136 ta, aprelda 175 ta, may oyida 140 ta oila yarashtirildi. Ajrim yoqasiga kelib qolgan 705 nafar oila viloyat xotin-qizlar qoʻmitasi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan amalga oshirilgan ishlar natijasida murosaga keltirildi, 1035 nafar bola yarim yetim boʻlib qolishdan saqlab qolindi.

Istam IBROHIMOV.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.