18 +  RSS  E-mail
15:24, 26 06 2019

Kenja kelin


Bir keksa ayolning hikoyasi

“Mening uch oʻgʻlim bor. Kunlarning birida katta oʻgʻlimning uyiga bordim. Ertalab bomdod namoziga tahorat olish uchun kelinimdan suv olib kelishini soʻradim. Tahorat qildim. Namozimni oʻqidim. Qolgan suvni yotgan oʻrnimga toʻkdim. Kun yorishganda kelinimni chaqirib:

— Qizim, nimasini deysiz, endi qarichilik-da! Oʻrnimni hoʻl qilib qoʻydim, — dedim.

Uning asablari buzildi. Eng yomon soʻzlarni toʻkib soldi. Menga choyshablarni yuvishimni buyurdi. Boshqa bu ishni qaytarmasligimni talab qildi. Choyshablarni yuvib, quritib, dazmolladim.

Soʻng, oʻrtancha oʻgʻlimnikiga bordim. Ayni ishni takrorladim. Kelinim oʻgʻlimga zarda, urish qilib, qilgan ishimni aytib berdi. Oʻgʻlim unga bir ogʻiz soʻz soʻzlamadi.

Ularning uyidan chiqib kenja oʻgʻlimning uyiga bordim. Oʻsha ishni yana takrorladim. Kelinim tongda yonimga keldi. Unga ham oʻrnimni hoʻl qilganimni aytdim. U:

— Oyijon, xijolatga oʻrin yoʻq, bu oddiy hol. Goʻdakligimizda siz onalarimizning liboslaringizni hoʻl qilib qoʻyardik. Sizlar malollanmasdan tozalardingiz. Hechqisi yoʻq, oyijon, — dedi.

Va koʻrpa-toʻshakni olib yuvib tozaladi.

Soʻng unga:

— Qizim, bir dugonam mendan u uchun uzuk sotib olishimni iltimos qildi. Men uning barmogʻining oʻlchamini bilmayman. Uning qoʻllari taxminan siznikichalik. Oʻlchamingiz nechi? — deb soʻradim.

Oʻgʻlimning uyidan chiqib, toʻgʻri zargarlik doʻkoniga bordim. Bor mablagʻimga uzuklar, taqinchoqlar oldim. Oʻzimga yarasha toʻplagan pulim katta miqdorda edi.

Uyimga oʻgʻillarim, kelinlarimni chaqirdim. Tilla taqinchoqlarni ularning oldiga qoʻydim. Boʻlgan voqeani bayon qildim. Men koʻrpa-toʻshakka bavl qilib qoʻymaganim, sinov uchun suv toʻkkanimni aytdim. Tillalarni kichik kelinimning qoʻllariga tutqazib:

— Qarilik paytimda xotirjam suyanishim, birga yashashim mumkin boʻlgan qizim — bu. Qolgan umrimni u bilan kechiraman, — dedim — u, ikki katta oʻgʻlimga qarab, — xuddi shu kundagidek nadomatga tayyor turing! Chunki, sizning menga munosabatingiz albatta farzandlaringizdan qaytadi. Men siz ikkingizga chiroyli tarbiya beraman deb harakat qilganim, zahmat chekkanlarim besamar ketganidan afsusdaman. InshaAlloh sizlarning ukangiz oʻz ahli ila bu dunyoda masrur yashab, Robbisiga yorugʻ yuz bilan yoʻliqadi. Afsuslar boʻlsinki, sizlar onangiz qadr-qiymatini ayolingizga bildira olmaganingiz uchun bundan mahrumsizlar! — dedim.

Rasulbek IBRAGIMOV,

“Oqibatlilar”dan


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.