18 +  RSS  E-mail
11:15, 21 06 2019

MTV Sirdaryo viloyatida bolalarning zaharlanishi yuzasidan xizmat tekshiruvi oʻtkazdi


MTV Sirdaryo viloyatida bolalarning zaharlanishi yuzasidan xizmat tekshiruvi oʻtkazdi

2019 yil 18-19 iyun kunlari Boyovut tumani shifoxonasining yuqumli kasalliklar boʻlimiga 21-MTMning 3 xodimi va 22 tarbiyalanuvchisi “oʻtkir ichak kasalligi, ovqat toksikoinfektsiyasi” alomatlari bilan keltirilgan. Maktabgacha taʼlim vazirligi ishchi guruhi zaharlanish sabablariga doir xizmat tekshiruvi oʻtkazdi.

Zaharlanishga isteʼmol uchun yaroqsiz boʻlgan ichimlik suvi sabab boʻlgan. Gap shundaki, Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida markazlashgan ichimlik suvi taʼminoti mavjud emas. 2019 yil 17 iyun kuni 21-MTMga ichimlik suvi keltirilmagan va muassasa mudirasi maskan ehtiyojlari uchun isteʼmolga yaroqsiz boʻlgan ichimlik suvi (kanal suvi)dan foydalanishga qaror qilgan. Bu esa, bolalar va xodimlarning shifoxonaga tushishiga olib kelgan.

Surishtiruv quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha davom etadi:

— 21-MTM joriy yil mart oyida taʼmirlanganidan soʻng, faoliyatini tiklash uchun ruxsatnoma berilishi.

Belgilangan qoidalarga koʻra, markazlashgan ichimlik suvi taʼminoti boʻlmasa, mahalliy hokimiyat idoralari MTMga ichimlik suvi tashib keltirilishini taʼminlashi zarur. Boyovut tumani maktabgacha taʼlim boʻlimi mudirasi ishchi guruhga 21-maktabgacha taʼlim muassasasini ichimlik suvi bilan taʼminlashga doir shartnomani koʻrsata olmadi. Sanitar-epidemiologik nazorat tomonidan MTMni ochishga ruxsat berilishi sabablari Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda aniqlanadi;

— 21-MTMda ichimlik suvi zaxirasining yoʻqligi.

Ichimlik suvi zahirasi maxsus hajmli idishlarda sanitar meʼyorlarga amal qilingan holda saqlanishi kerak.

“Maktabgacha taʼlim vazirligi xizmat tekshiruvini davom ettiradi, uning natijalariga koʻra, aybdorlarga qonunchilikda belgilangan choralar qoʻllaniladi. Barcha hududlarni ichimlik suvi bilan taʼminlash masalasi — ulkan, serxarajat, ammo amalga oshirsa boʻladigan loyiha boʻlib, Prezident qaroriga muvofiq, 2025 yilgacha tugallanishi rejalashtirilgan.

Hurmatli mudiralar, agar siz ichimlik suvi taʼminotida uzilishlarga duch kelsangiz, yordam soʻrab MTVga murojaat qiling. Bolalar sogʻligini xavf ostiga qoʻymang, bu mumkin emas”, — dedi maxsus MTMlar faoliyatini muvofiqlashtirish, reabilitatsiya va bolalar salomatligini taʼminlash boʻlimi boshligʻi Umida Muhiddinova.

Sirdaryo viloyati hokimligi MTV mutaxassislari bilan birgalikda maktabgacha taʼlim muassasalarini ichimlik suvi bilan uzluksiz taʼminlash masalasini ishlab chiqmoqda.

Prezidentning 2018 yil 30-sentyabrdagi PQ-3955-sonli «Maktabga taʼlim boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qaroriga muvofiq, masʼul vazirlik va idoralar 2025 yilga qadar bosqichma-bosqich ravishda respublika MTMlarini ichimlik suvi, elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan taʼminlashi kerak. Dasturda Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Maktabgacha taʼlim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, “Oʻzbekenergo” AJ, “Oʻztransgaz” AJ, “NEK” AJ, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ishtirok etadi.

Maktabgacha taʼlim vazirligi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.