18 +  RSS  E-mail
11:01, 21 06 2019

Buxoro tumanida poyabzal ishlab chiqaradigan korxona ochildi


Davlatimiz rahbarining 29-30 mart kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi chogʻida belgilab berilgan topshiriq va vazifalarga asosan Buxoro tumanida joriy yil yakuniga qadar 1,4 trln. soʻmlik 65 ta istiqbolli loyiha amalga oshirilishi koʻzda tutilgan. Eʼtiborli jihati, mazkur loyihalarning aksariyati toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalar ishtirokida ishga tushiriladi.

Quvonarlisi, kuni kecha ulardan biri ish boshladi.

Eron Islom Respublikasi investorlari hamkorligidagi ushbu korxona charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarishga moʻljallangan. Mahalliy tadbirkor rahbarligidagi “Soltani Shoes” masʼuliyati cheklangan jamiyati negizida ish boshlagan korxonaga eronlik Soltani Alireza Maghsoud tomonidan 800 ming AQSh dollari miqdorida sarmoya yoʻnaltirildi.

Loyihani amalga oshirishda jahon standartlariga javob beradigan texnologiyalaridan hamda malakali mutaxassislar tajribasidan foydalanildi. 33 nafar ishchi-xodim mehnat qilayotgan korxonada yiliga 20 ming juft poyabzal ishlab chiqariladi. Mahsulotlar asosan qoʻshni mamlakatlarga eksport qilinishi rejalashtirilgan.

Buxoro viloyat hokimligi apparati matbuot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.