18 +  RSS  E-mail
10:45, 20 06 2019

Soxta ishlardan qachon xalos bo’lamiz?


Kattaqoʻrgʻon tuman Adliya boʻlimi fuqaro D.Husainova (ism va familiyasi oʻzgartirilgan) manfaatida tugʻilganlik holatini belgilash boʻyicha sudga murojaat bilan chiqqan edi.

Ushbu murojaat boʻyicha Fuqarolik ishlari boʻyicha Kattaqoʻrgʻon tumanlararo sudi ishni koʻrib chiqdi. Aniqlanishicha, ayol 1993 yilda uy sharoitida qiz farzand koʻrgan, hozirda qizi 25 yoshda boʻlib, shu kunga qadar tugʻilganlik haqida guvohnoma olmagan. U yetishmovchilik sababli vaqtida farzandiga tugʻilganlik haqidagi guvohnoma ololmagan. Hozirgi paytda qizi maktabni va kollejni ham tugatgan. Farzandiga tugʻilganlik haqida guvohnoma olishligi zarurligi sababli u Kattaqoʻrgʻon tuman FHDYo boʻlimiga murojaat qilgan, boʻlim mutasaddilari unga fuqarolik ishlari boʻyicha sudga murojaat qilishligini tushuntirgan. Shu sababli D.Husainova 1993 yil 7 mart kuni tugʻilgan qizining tugʻilganligini belgilashni soʻragan.

Daʼvo arizasiga ilova tariqasida Kattaqoʻrgʻon tumani Zarafshon QVP mudirasi R.Nurmonova va Kattaqoʻrgʻon tumani tibbiyot birlashmasi nomidan A.Gapparov va Kattakoʻrpa MFY raisi va guvohlar tomonidan tuzilgan dalolatnoma hamda tibbiy maʼlumotnoma taqdim etilgan.

Ish arizachining farzandi oʻqigan Kattaqoʻrgʻon tumani 53-sonli maktabda sayyor sud majlisida koʻrildi. D.Husainovaning farzandi N.Husainovaga Kattaqoʻrgʻon tuman xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli 53-sonli maktabdan umumiy oʻrta taʼlim shahodatnomasi berilganligi aniqlandi. Ushbu shahodatnomada bolaning tugʻilgan kuni 10.03.1993 yil ekanligi va tugʻilgan joyi esa Turkmaniston Respublikasi, Asfanskiy viloyat, Chorjuy shahri ekanligi qayd etilgan.

07.02.2019 yilda maktab maʼmuriyati tomonidan tuzilgan dalolatnomada sobiq oʻquvchi N.Husainovaga shahodatnoma berilganligini, uning tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi bor boʻlib, Turkmaniston Respublikasida tugʻilganlik haqidagi maʼlumotlarni Zarafshon aholi massividagi kasb-hunar kollejiga topshirilganligi maʼlum qilingan.

Mazkur holatlardan soʻng Kattaqoʻrgʻon tumani Zarafshon QVP mudiri va tuman tibbiyot birlashmasi mutaxassislari oʻz koʻrsatmalarini oʻzgartirib, tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan tuzilgan dalolatnoma va tibbiy maʼlumotnomalarni ushbu fuqaroni uy sharoitida 1993 yil 7 martda tugʻilganligi qayd etilgan maʼlumotnomalar tegishli guvohlarning koʻrsatmalariga asosan asossiz toʻldirilganligini, qilgan ishidan pushaymonligini va ushbu maʼlumotlarni sud tomonidan hujjat sifatida qabul qilmaslikni soʻragan.

Sudning hal qiluv qarori bilan Kattaqoʻrgʻon tuman Adliya boʻlimining fuqaro D.Husainova manfaatida uy sharoitida tugʻilgan faktini belgilash haqidagi daʼvo arizasi oʻz isbotini topmaganligi va fuqaroning murojaatlari asossiz ekanligi sababli daʼvo arizasini qanoatlantirish rad etilgan.

Shuningdek, Zarafshon QVP mudiri, tuman tibbiyot birlashmasi hamda Kattakoʻrpa MFY raisining xatti-harakatlariga tegishlicha baho berib, noqonuniy tuzilgan dalolatnoma va tibbiy maʼlumotnomalarga D.Husainovaning manfaatlarni koʻzlab xususiy ajrim chiqarilgan.

Mahalla raisi, Zarafshon QVP mudirasi, Markaziy shifoxona statist metodisti, dalolatnoma, tibbiy maʼlumotnomalarga soxta maʼlumotlar kiritganliklari holatida Oʻzbekiston Respublikasi JKning 209-moddasida nazarda tutilgan jinoyat alomatlari hamda fuqaro D.Husainovaning xatti-harakatlarida Oʻzbekiston Respublikasi JKning 237-moddasida nazarda tutilgan jinoyat alomatlari bordek koʻrinsada, biroq ular oʻzaro jinoiy til biriktirmaganligini, gʻarazgoʻylik va boshqa manfaatlarni koʻzlamaganliklarini, bir-biridan moddiy va maʼnaviy manfaatdorlik boʻlmaganligi sababli jinoyat ishi qoʻzgʻatish rad etilgan.

Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.