18 +  RSS  E-mail
10:56, 20 06 2019

Onamdan qolgan gʻalati esdalik


(hayotiy hikoya)

Bahor keldi. Har gal bahorda meni vijdon azobi qiynayveradi, oʻzimni qoʻygani joy topolmayman. Chunki oʻshanda ham bahor edi.

— Oyi, dam olishga bormasangiz boʻlmaydimi, uyda maza qilib oʻtirsangiz-chi?

Onamning dam olish maskaniga ketayotgani menga yoqmayotgandi.

— Bolam, yoʻllanmaning pulini allaqachon nafaqa pulimdan toʻlab qoʻyganman, sen faqat olib borib, olib kelib qoʻysang boʻldi, — oyimning ovozida iltijo bor edi.

— E, gap puldamas, dadamni yolgʻiz qoʻymang, deyapman-da, — dedim soxta kulgu bilan.

— Dadang nega yolgʻiz boʻlarkan, sizlar borsizlar-ku. Bu yil oʻtgan yilgi oʻrtoqlarim bilan kelishib yoʻllanma olganmiz. Nasib qilsa, oʻrtoqlarim bilan birga dam olaman.

Har yili, onam dam olishga borarkan, albatta, mening bolalarimdan birini oʻziga xamroh qilib oladi. «Oʻzingiz maza qilib dam oling» desak ham «menga ogʻiri yoʻq» deb yonida olib ketadi. Mana shu gal yoʻlga chiqishi oldidan nimagadir shaytonning gapiga kirdim. Ota-onamdan alohida yashayman. Yoʻlga chiqishidan bir kun oldin ham ularnikiga borib xabar olmadim.

— Har yili onangiz ketishlariga siz xarajat qilib berasiz, biror safar bundoq ukangiz ham xarajat qilsin, uyam oʻgʻil, — xotinimning jagʻi ochildi.

— Kel, qoʻy, maydalashma, ketsa, yuz ming ketar, — ayolimni insofga chaqirmoqchi boʻldim.

— Keling, shu safar siz hech narsa olmang, koʻraylik, ukangiz nima olib bera olarkan?

Rostdan ham nimaga har safar men xarajat qilishim, onamni men mashinada olib borib, olib kelib qoʻyishim kerak? Eng kattasi indamaydi, deb meni eshak qilib minib oldiku bular, deb ichimda shayton gʻalayon qilardi.

— Gapingda jon bor, onasi, shu safar olib boraman-u, pul ham bermayman, xarajat ham qilmayman.

Ertasiga onamni mashinada olib ketarkanman, ishim yurishmayotganligi, pul topishga qiynalayotganligimni bot-bot takrorlardim.

Oynadan onamga oʻgʻrincha qararkanman, uning yuz ifodasida hech qanday oʻzgarish yoʻq, faqat ahyon-ahyonda togʻlarning chiroyliligini qara bolam, deb qoʻyardi.

Onam bilan birga borgan bolamga ham hech narsa bermadim. Onam hech narsa bilmagandek xayrlashdi. Bizga roʻparadan kelgan mashinadan tushayotgan odamlar katta bozorlik qilib olgan, men esa toʻrttagina patir ham olmagandim. Azbaroyi pulim yoʻqligidan emas, balki ayolimning kechagi gaplari menga taʼsir qilgandi. Ha, men olmasam, ukam hech narsa ololmabdiku, xotinimning gapi toʻgʻri, degan oʻy oʻtdi xayolimdan.

Oradan oʻn besh kun bir zumda oʻtib ketdi. Onamni olib keladigan vaqt boʻlgandi.

Aksiga olib ukamning mashinasi buzilib qolibdi. Yana oʻzim olib kelishimga toʻgʻri keldi.

— Mashinang ham qachon buzilishni biladi oʻzi, — ukamga piching qilarkanman, onamning xizmatini qilish menga tushgani aslida baxtligini oʻsha vaqtlari bilmasdim.

Dam olish joyida rangi tiniqlashgan onam va farzandim meni quchoq ochib kutib olisharkan, men kuninng issiqligi, ishim koʻpligini aytib, ularni tezroq ketishga undardim. Aksiga olib, yoʻlda mashinam buzilib qoldi.

— Ha, bolam-a, uzoq yoʻlga chiqarding, bundoq mashinaning uyoq-buyogʻiga qarab qoʻymabsan-da, — oyim tanbeh berarkan, qoʻlidagi dastroʻmolchasi bilan peshonamdagi terni artib qoʻydi.

— Men yoʻlga chiqmoqchi emasdim, anavi erkatoyingiz mashinasi buzilib qolgani uchun keldim. Hali uyam rostdan kasalmi yoki yolgʻon gapirganmi?

— Iye, ukangning mashinasiga nima boʻldi? – oyim rostmana xavotir ola boshladi.

— E, koʻp savol berasiz-da, ona, undan koʻra mashina tezroq tuzalsin deb duo qiling.

Baxtimga arzimagan narsasi buzilgan ekan, darrov tuzaldi. Lekin men yoʻl boʻyi shu dam olishingiz boshga balo boʻldi-da, nimagayam shu yerga keldim, deb onamni siltab, gʻudranib, borarkanman, bu onamning soʻnggi dam olishi, men uning uchun bunday xizmatni yana xohlasam ham qilolmasligimni hali bilmasdim.

Oyim uyga kirdi, men ishlarim zarurligini aytib xayrlasharkanman, bitta xalta berdi.

— Bolam, seniyam qiynab qoʻydim, mayli, xafa boʻlma, ma buni ol, mashinaga kerak boʻlar, — dedi.

— Xoʻp, xayr, — undan uzoqlasharkanman, xalta ichidagi nondan sindirib yeb oldim.

Onamdan qochmasam ham Yaratganning oʻzi bizni ayro tushirarkan… Bu yil dam olishga onamni olib borishga ikki aka-uka shaymiz-u, faqat onam mangulikka yuz burdi.

Maxsitali MALLAYEV,

“Oqibatlilar”dan


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.