18 +  RSS  E-mail
10:48, 20 06 2019

Avtomashinalar ishtirokidagi yongʻinlar soni nega oshmoqda?


Joriy yilning oʻtgan 5 oyi davomida birgina Qashqadaryo viloyatining oʻzida transport vositalari ishtirokida 20 marotaba yongʻin qayd etilgan. Bu ushbu turdagi yongʻinlar soni oʻtgan yilning mos davriga nisbatan toʻrttaga oshganini koʻrsatadi.

Misol uchun, Chiroqchi tumani Chuvulloq qishlogʻida yashovchi X.J. boshqaruvidagi «KamAZ» rusumli yuk avtomobili tumanning Karamtepa qishlogʻida harakatlanib borayotgan vaqtda yona boshlagan. Haydovchi va boshqa kishilar tomonidan koʻrilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida olov oʻchirilgan, ammo mashina jiddiy zararlangan.

Qarshi shahrida yashovchi Z.K. ham oʻzining «VAZ-2109» rusumli avtomashinasini shaharning Alisher Navoiy mahallasi hududida toʻxtatib, oʻz ishi bilan ketmoqchi boʻlgan vaqtda mashinada yongʻin sodir boʻlgan. Natijada ulovning motor qismi yonib ketgan.

Shuningdek, Shahrisabz tumani Shanbe qishlogʻida yashovchi S.S. «Matiz» rusumli mashinasida Kitob tumanining Doʻrmon qishlogʻi hududida harakatlanib borayotgan vaqtda toʻsatdan mashina yona boshlagan. Yaxshiyamki, bu paytda haydovchi qochib qolishga ulgurgan. Mashina esa toʻliq alanga ichida qolgan.

Afsuski, bunday misollarni yana davom ettirish mumkin. Xoʻsh, ularning koʻpayishiga nima sabab boʻlmoqda?

Tahlillar shuni koʻrsatadiki, avtotransport vositalari ishtirokidagi yongʻinlarning deyarli barchasiga mashinadagi texnik nosozliklar, jumladan, 90 foiziga elektr simlarining qisqa tutashuvi sabab boʻlgan. Shuningdek, sodir boʻlgan yongʻinlarning aksariyati transport vositasining toʻliq yonib ketishi bilan yakunlangan. Bu esa fuqarolarning yongʻin sodir boʻlganda toʻgʻri harakat qilish koʻnikmasi yetarli emasligini koʻrsatadi.

Qolaversa, viloyatda YPX xodimlari tomonidan olib borilgan oʻrganishlar davomida har 30 ta avtomobildan bittasida talab qilingan favqulodda holatlarda birlamchi yongʻin oʻchirgich (ognetushetil)lar mavjud emasligi, har oʻntadan bittasidagi yongʻin oʻchirish vositalari yaroqsiz ekanligi maʼlum boʻlgan.

Albatta, mashinamizda yongʻin sodir boʻlishi, hayotimiz xavf ostida qolishi, moddiy zarar koʻrishni hech birimiz istamaymiz. Biroq, eʼtiborsizligimiz shunga sabab boʻlishi mumkin. Shunday ekan, haydovchilarimiz ham oʻz ulovlariga eʼtiborli boʻlishi, uni oʻz vaqtida texnik koʻrikdan oʻtkazib turishi, har kuni yoʻlga chiqish oldidan mashinada nosozliklar yoʻqligini tekshirib, bunga ishonch hosil qilganidan soʻnggina uni boshqarishi lozim.

Sohibjon VAYITOV,

Qashqadaryo viloyat FVB YoXB katta muhandisi, katta leytenant


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.