18 +  RSS  E-mail
11:42, 14 06 2019

Qishloq xoʻjaligini ekologizatsiyalash nima degani?


Tuprogʻimiz tilloga teng, yerimizning har qarichi bebaho. Chunki yer — rizq-roʻzimiz manbai. Shuning uchun yerdan toʻgʻri va oqilona foydalanish, sahovatli zaminimizga ziyon yetkazmay, uni salbiy taʼsirlardan muhofaza qilish barchamizning vazifamiz.

Afsuski, yerga boʻlgan munosabat, uning unumdorligini yaxshilashdagi ishlarimiz talab darajasida emas. Insoniyat yashash tarixi davomida 2 milliard gektardan ortiq unumdor maydonni yaroqsiz holga keltirgan. Bundan tashqari, dunyo miqyosida tuproqning shoʻrlanishi, nurash va uning tashlandiq holga kelishi oqibatida har yili 5-7 million gektar yer maydonidan foydalanish imkoniyati yoʻqolmoqda. Bunday holatlar bizning yerlarimizda ham roʻy bermoqda. Toʻgʻri, mamlakatimizda soʻnggi chorak asr mobaynida yerga egalik hissi kuchaydi, undan samarali foydalanish, unumdorligini oshirish va xususiyatlarini yaxshilash masalalariga jiddiy eʼtibor berilmoqda. Lekin suv va shamol taʼsirida tuproq eroziyaga uchrab, joylarda antropogen omillarning taʼsiri, oʻrmonzorlarni kesish, chorva mollarini notoʻgʻri boqish va dehqonchilik qonunlariga amal qilmaslik hollari yuz bermoqda.

Qishloq xoʻjaligida choʻllanish jarayoni ham jiddiy tahdid solmoqda. Bunda koʻchma qumlar, barxanlar yoʻlini toʻsish, daraxtzorlarni barpo qilish ishlari juda sust bormoqda. Shuningdek, hosildorlikni oshirish maqsadida maʼdanli oʻgʻitlar va zaharli moddalardan meʼyoridan ortiq foydalanish holatlariga yoʻl qoʻyilmoqdaki, bularning barchasi atrof-muhit, suv havzalari, oʻsimlik va hayvonot dunyosiga, ekologik muvozanatning izdan chiqishiga sabab boʻlmoqda.

Xoʻsh, bularning oldini olish uchun nima qilish kerak?

Bunday ekologik muammolarni hal etishda qishloq xoʻjaligini ekologizatsiyalash muhim hisoblanadi. Agrotsenozlarni tabiiy ravishda boshqarish, oʻsimliklarning kasallik va zararkunandalarga qarshi biologik usulda kurashish, bir ekin oʻrniga koʻp ekinlarni ekishga oʻtish, ekologik oqibatlarni chuqur, har tomonlama oʻrganib, yerdan foydalanilsa, sekin-asta ekologik muvozanat taʼminlanadi.

Samarqand viloyati hokimligi matbuot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.