18 +  RSS  E-mail
11:39, 14 06 2019

Paxtakor tumanidagi obodlik — xalqni farovon qilmoqda


Har kim oʻzi yashaydigan uy, mahalla va qishloqni obodonlashtirishda hissasini qoʻshsa, yurtimiz obod boʻladi, shunga yarasha odamlar kayfiyati yaxshi boʻlishi taʼminlanadi.

Bugun yurtimizda keng quloch yoygan “Obod mahalla” va “Obod qishloq” Davlat dasturi doirasida Paxtakor tumanida bunyodkorlik ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.

Tumanda oʻtgan asrning 60 yillarida qurilgan 88 ta barak uy-joylar oʻrnida koʻp qavatli hamda yakka tartibdagi uy-joylar qurilishi rejalashtirilgan.

Barak  uy-joylarda 900 dan ortiq oilalarga tuman markaziga uzoq boʻlmagan “Oltinkoʻl” mahalla fuqarolar yigʻini hududidan 19,0 gektar va “Olmazor” qishloq fuqarolar yigʻini hududidan 4,2 gektarda 620 ta zamonaviy uy-joylar, maktab, bogʻcha, savdo va maishiy xizmat koʻrsatish obʼektlari qurilishiga yer maydoni ajratildi.

“Oltinkoʻl” mahalla fuqarolar yigʻinida bugungi kunga kelib 448 ta zamonaviy tipdagi uy-joylarning 448 tasida poydevori uchun yer qazish ishlari, 109 tasida poydevor ishlari hamda 5 tasida devorni koʻtarish ishlari yakuniga yetkazildi.

20 ta uy-joylarda devor qismidagi ishlar yarmiga yetkazilib, 5 ta uy-joyning tom qismini yopish ishlari amalga oshirilmoqda.

Qurilish ishlariga 500 dan ortiq  maxsus texnikalar yordamida qum-shagʻal, 350 tonna tsement olib kelinib, 46 dona elektr taʼminoti uchun temir beton ustunlar oʻrnatildi.

Shuningdek, 2,0 km elektr havo tarmogʻi tortilib, 2,1 km ichimlik suv tarmogʻi yangidan oʻtkazildi va 2 ta koʻprik qurish ishlari amalga oshirildi.

“Oltinkoʻl” hamda “Olmazor” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi aholi vaqtincha istiqomat qilishi uchun 800 ta chodirlar oʻrnatildi.

Vaqtincha ishsiz xotin-qizlarni ish bilan taʼminlash maqsadida tikuvchilik tsexi tashkil etilib 100 dan ziyod opa-singillarimiz bandligi taʼminlandi.

Mazkur bunyodkorlik ishlarida viloyatdagi oʻz yurtining asl farzandi deb bilgan, xalq bilan hamnafas boʻlgan insonlar tarixiy oʻzgarishlarga kamarbasta boʻlib oʻz hissalarini qoʻshmoqdalar.

Bu kabi keng koʻlamdagi obodonchilik ishlari Paxtakor tumani markazi hamda chekka hududlarida supermarketlar, minitsexlar, hammomlar, nonvoyxonalar, davlat xizmatlari markazi, bolalar maydonchalari, istirohat bogʻlari, mehmonxonalar qurilishi bilan davom ettirilmoqda.

Jizzax viloyati hokimligi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.