18 +  RSS  E-mail
11:48, 14 06 2019

“Islohotlar” shiori ostida “korruptsiyani” yoʻqotish uchun XTVga “innovatsion” gʻoyalarimni taklif qilaman:


1. “Klasskom”likni oylik badal 1 million toʻlov bilan pullash kerak, tushgan pulga yangi darsliklar olish kerak.

2. Attestat va diplom muqovalarini ham pullik qilish kerak, sof teridan tayyorlab qimmatroq sotish kerak, tushgan puldan maktab direktorlarini ragʻbatlantirish lozim.

3. Birinchi partada taʼlim olishni auktsionda pullash kerak, tushgan pulga yangi parta olish kerak.

4. Yuqori sinflarda oxirgi partalarni ham pullash kerak, bu joylarni shinavandalari koʻp, tushgan puldan maktabni remont qilish kerak.

5. Faqat 6 yosh emas, balki boʻyi va vaznini ham oʻlchash kerak, yetmagan kilo va boʻy uchun qoʻshimcha yana pul olish kerak, tushgan puldan oshxonalarni taʼmirlab mazali va sifatli ovqatlar pishirish kerak

6. Matematika va ingliz tili darslarini pullik qilish kerak, tushgan pulga oʻsha dars oʻqituvchilarini malaka oshirish uchun kerak boʻlsa chet elga yuborish kerak.

7. Maktab va uy orasidagi masofaning har bir metri uchun pul olish kerak, shundagina “chujoylar” haddini biladi, oʻzini yaqinidan maktab qidiradi, tushgan pul evaziga farrosh, qorovullarga yaxshi oylik berish kerak.

8. Kelajak Nobel mukofoti sovrindorlarining qanday oʻqishi kerakligini koʻrib qoʻyishsin deb “rahbar maktablariga” oddiy maktab bolalarini yuborib 1 soat oʻsha partalarda oʻtirishni pullik qilish kerak, tushgan puldan Nobel mukofoti chiqarib beradigan maktablar qurish kerak.

9. Maktablarda majburiy pul yigʻishga qarshiman, lekin ehtiyoj boʻlsa bunga koʻz yumsak boʻladi, bu masalani maktabning “vasiylar kengashi” hal qilsin, tushgan pulga maktabga eshik, deraza va isitish tizimi keltirish kerak.

10. Poli taxtadan, havoni tozalab beradigan jixoz oʻrnatib, koʻproq pul olish kerak, tushgan puldan maktablarda kutubxona va laboratoriya qurish kerak.

11. Maktab bitiruvchilarining oltin medallarni auktsion orqali pullash kerak, tushgan puldan soʻnggi sinf talabalarining ishlab chiqarishdagi amaliyotlarini kuchaytirish kerak.

12. Sinf jurnalini ism-sharifni alfavit boʻyicha emas, ota-onasining daromadiga qarab tuzish kerak, tushgan puldan xorijiy til oʻrgatadigan chet ellik oʻqituvchi keltirish kerak.

13.Oʻquvchini doskaga chaqirishni pullik qilish kerak, tushgan puldan turli hil toʻgaraklar tashkillashtirish kerak.

14. Maktabga xohlagan kiyimida kelishniyam pulli qilish kerak, tushgan puldan katta sport zallari qurish kerak.

Qarang-e, bir yillik ish rejasini ham belgilab beribmiz. Yana nima qoldi…”innovatsion” gʻoya kelsa yana yozarman, ungacha yuqoridagilar mandan oldin oʻylab qoʻyishmasa.

Azamat AKBAR

“Xalq fikri”dan


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.