18 +  RSS  E-mail
11:37, 14 06 2019

Davlat xizmatlarini koʻrsatish takomillashmoqda


Buxoro viloyatidagi davlat xizmatlari markazlari tomonidan hozirgi kunda jami 100 dan ortiq davlat xizmatlari koʻrsatib kelinmoqda. Raqamlarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, Buxoro viloyatidagi DXMlariga oʻtgan yilda jami 302 mingdan ortiq murojaatlar qabul qilingan. Bu esa davlat xizmatlari yuzasidan murojaatlarning 2017 yildagiga nisbatan 34 barobarga oshganligini koʻrsatadi.

Tadbirkorlik subʼektlariga koʻrsatilayotgan davlat xizmatlari boʻyicha tahliliy maʼlumotlarga qaraydigan boʻlsak, Davlat xizmatlari markazlarida joriy yil 5 oyi davomida 9376 ta tadbirkorlik subʼektlarini roʻyxatdan oʻtkazilgan boʻlib, shundan, 5587 ta yakka tartibdagi tadbirkor, 3789 tasi yuridik shaxslardir.

Tadbirkorlik subʼektlari tomonidan asosan, 20 kVt dan yuqori boʻlgan elektr tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlarni olish (419 ta), alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qilish huquqini beradigan ruxsat guvohnomasi olish (260 ta), umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan alkogolli mahsulotlarni sotish huquqi uchun ruxsat guvohnomasi olish (257 ta), dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilishni litsenziyalash (131 ta) kabi davlat xizmatlaridan foydalanish boʻyicha murojaatlar kelib tushgan boʻlib, ushbu murojaatlarning aksariyati ijobiy hal etilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 7 avgustdagi “Oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori ham yurtdoshlarimizning tadbirkorlik tashabbuslariga qanot bagʻishlagani rost. Mazkur yoʻnalishda bir muncha murakkab boʻlgan hujjatlashtirish jarayonlari bugungi kunda ancha soddalashtirildi. Natijada viloyatimizda oilaviy uy mehmonxonalari soni sezilarli darajada oshdi. Bunda ham davlat xizmatlari markazlari tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar alohida ahamiyatga ega boʻlmoqda.

Yana bir muhim fakt. Vazirlar Mahkamasining  joriy yil 7 iyundagi “Oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun hujjatlarni qabul qilish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qarorda taʼkidlanishicha, 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim muassasalariga bakalavriatga oʻqishga kirish uchun abituriyentlar davlat xizmatlari markazlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilishi belgilangan. Demak, oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish hujjatlari bosqichma-bosqich davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilinish tartibi joriy qilinadigan boʻlsa, bu oʻqishga kirishni xohlovchilarning ham vaqtini, ham naqdini tejalishiga zamin yaratishi bilan bir qatorda ortiqcha ovoragarchiliklarning oldi olinishini taʼminlaydi.

Jobir KAMOLOV,

Davlat xizmatlari agentligi Buxoro viloyati boshqarmasi masʼul xodimi


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.