18 +  RSS  E-mail
11:25, 13 06 2019

Qor qoplonini oʻrganish va muhofaza qilish uchun biologik namunalar tahlilining DNKsi


Joriy yilning 12-18 iyun kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilgʻor texnologiyalar markazi va “Pantera” xalqaro jamgʻarmasi bilan hamkorlikda BMTTD/GEJ va Oʻzbekiston Respulikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi bilan hamkorlikdagi “Global ahamiyatga ega boʻlgan bioxilma-xillikni muhofaza qilish maqsadida muhim togʻli hududlarda oʻrmonlardan va tabiat resurslaridan barqaror foydalanish va boshqarish” loyihasi tomonidan Oʻzbekiston olim-genetiklari uchun seminar-trening tashkillashtirildi. Treningda Ilgʻor texnologiyalar markazi, Genomika va bioinformatika markazi, OʻzR Fanlar Akademiyasi Zoologiya instituti xodimlari ishtirok etdi. Bioxilma-xillikning asosiy hududlarini mustahkamlash boʻyicha komponent doirasida loyiha tomonidan Oʻzbekistonda qor qoploni umumiy sonini baholash uchun genetik tahlil qoʻllashda koʻmak koʻrsatilishi rejalashtirilgan.

Shu maqsadda BMTTD loyihasi ekspertlari xalqaro trenerlar — “Pantera” jamgʻarmasining “Qor qoploni” va “Tabiatni muhofaza qiluvchi genetika” dasturlarining direktori Bayron Vekvort va Delaver hamda Shimoliy Karolina shtati universiteti oʻqituvchisi Imojen Kanchellar oʻzbekistonlik genetiklarni biologik namunalarning DNK tahlili asosida qor qoploni va boshqa turdagi yovvoyi hayvonlarni identifikatsiyalash usuli bilan tanishtirdilar. Mazkur zamonaviy noinvaziv usul Oʻzbekiston va Oʻrta Osiyo hududida ilk bor qoʻllaniladi.

Taʼkidlash joizki, qor qoploni (Panthera uncia) mushuksimonlar oilasiga kiruvchi yirik yovvoyi sut emizuvchi boʻlib, shimoliy va markaziy Osiyo, hamda Himalay togʻlarida yashaydi. Qor qoploni Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqining Qizil roʻyxati va u uchraydigan barcha mamlakatlarning Qizil kitoblariga kiritilgan boʻlib, yoʻqolish xavfi yuqori boʻlgan yirtqich hayvon sifatida baholanadi.

Oʻzbekistonda bu hayvon yashaydigan hududlarning umumiy maydoni 10000 km2 yoki global maydonning 0,36% ga teng. Qor qoploni gʻarbiy Tyan-Shanning Chotqol, Pskent, Ugam va Kuramin togʻ tizmalari, shuningdek Pomir-Oloy togʻ tizimining Gʻissor, Turkiston, Zarafshon togʻ tizmalarida yashaydi.

Oʻzbekistonda qor qoplonining soni 30-50 dan 80-120 gacha baholanadi.

Oʻzbekiston Respublikasida qor qoplonini monitoring qilish dasturi doirasida BMTTD loyihasi, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya davlat qoʻmitasi, OʻzR Fanlar Akademiyasi Zoologiya instituti mutaxassislari tomonidan hayvonni tutmasdan va unga jismoniy ziyon keltirmasdan uni oʻrganish va tekshirish imkonini beruvchi noinvaziv genetik tahlil usullarini qoʻllash boʻyicha innovatsion texnologiya joriy qilinmoqda.

Bunda oʻzbekistonlik olimlar qor qoplonining bavl namunalarini laborator tahlil qilish orqali uning turi, jinsi va identifikatsiyasini aniqlash imkoniga ega boʻladi. Mamlakatda qor qoplonining zichligi va sonini davriy baholash uchun noinvaziv genetik tahlil usuli yordamida Oʻzbekistonda qor qoplonini monitoring qilish dasturi amalga oshiriladi. Bu global miqyosda ilvirsni muhofaza qilish va yoʻqolishi darajasini kamaytirish yoʻlida muhim qadamdir va u Oʻzbekistonda amalga oshirilmoqda. Shu paytgacha 12 mamlakatning transchegaraviy hududida yashovchi mazkur noyob turni muhofaza qilish boʻyicha loyihalar ekspertlari genetik tahlil uchun barcha toʻplangan namunalarni horijga yuborishmoqda. Yaqin kelajakda bu amaliyot Oʻzbekistonning ixtisoslashtirilgan genetik laboratoriyalarida amalga oshiriladi.

Trening davomida tinglovchilar dala va laboratoriya sharoitlarida namunalarga ishlov berish, bavl namunalarini toʻgʻri saqlash, yoʻqolayotgan tur DNK sini aniqlashda innovatsion ekspress-usul haqida maʼruzalar tinglashdi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.