18 +  RSS  E-mail
11:08, 13 06 2019

“Oldi-berdi”ga moyillik kimda koʻproq?


Har qanday davlat korruptsiyaga qarshi keskin kurashmas ekan, istiqboli soʻroq ostida qoladi. Shunga muvofiq, oʻz taraqqiyot yoʻlini qatʼiy belgilab olgan mamlakat siyosatida ushbu yoʻnalish ustuvor ahamiyat kasb etadi. Xususan, yurtimizda korruptsiyaning har qanday koʻrinishlariga qarshi murosasiz kurash kechmoqda. Biroq, shunga qaramay, hamon jamiyatda noqonuniy «oldi-berdi»lar uchrab turgani hechkimga sir emas. Shunday ekan, korruptsiyaga qarshi kurash bir zum ham toʻxtamaydi, uning samarali usullari, taʼsirchan choralari ishlab chiqilaveradi. Prezidentning 2019 yil 27 maydagi «Oʻzbekiston Respublikasida korruptsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlaritoʻgʻrisida»gi Farmoni ana shu borada qoʻyilgan keyingi muhim qadam boʻldi.

Korruptsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida eʼlon qilingan ushbu hujjatga asosan 2018-2020 yillarda korruptsiyaga qarshi kurashish davlat dasturi, respublika idoralararo komissiyasi tarkibi tasdiqlandi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda tuman (shahar)lar xalq deputatlari Kengashlari tarkibida korruptsiyaga qarshi kurashish komissiyalarini tashkil etish tavsiya etildi. Bunga qadar esa Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarida korruptsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari boʻyicha qoʻmitalar tashkil etilgan edi.

Shuningdek, farmonda sud hokimiyati mustaqilligini yanada mustahkamlash, davlat xizmatchilarini tanlash, lavozimga qoʻyishda tanlov va shaffoflik tizimini shakllantirish, ular daromadlarini deklaratsiya qilishni joriy etish, davlat idoralari va mansabdor shaxslarning hisobdorligini oshirish, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari faoliyatining chinakam erkinligini taʼminlash orqali ularni korruptsiyaga qarshi kurashga jalb qilish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlari ekanligi taʼkidlandi. Davlat organlari va komissiyalarning vazifalari belgilab berildi.

Xoʻsh, korruptsiya oʻzi nima? Uning ildizlari qayerga borib taqaladi? Korruptsiyaga qarshi ming yillardan buyon kechayotgan kurashda nega gʻolib ham, magʻlub ham yoʻq?

Maʼlumki, «korruptsiya» tushunchasi lotin tilidagi «corruptio» soʻzidan kelib chiqqan boʻlib, mazmuni «buzish, sotib olish», yaʼni «hokimiyatni buzish, chiritish orqali sotib olish» degan maʼnoni beradi. Demak, korruptsiya — mansabdor shaxslar hamda davlat xizmatchilari tomonidan oʻziga berilgan vakolat va huquqlardan shaxsiy yoki yaqin kishilarining manfaatlarini koʻzlab, qonunchilikda belgilangan qoidalarga zid ravishda foydalanishni ifodalaydi. U davlat va jamiyat boshqaruvi, taraqqiyotiga putur yetkazib, inson huquqlari buzilishi, tengsizlik va adolatsizlikka olib keladi.

Frantsuz mutafakkiri Sharl Montesk’e hokimiyat vakolatiga ega shaxs uni suiisteʼmol qilishga moyil boʻlishini, qadimgi yunon faylasufi Aristotel esa mansabdor shaxslardagi bu moyillikni davlatdagi mavjud qonunlar orqali tiyib turish zarurligini uqtiradi.

Bu borada Qurʼoni karimda «Boshqalarning mulkini nohaq yoʻl bilan olmangiz va boshqalarga tegishli boʻlgan narsalarni olish uchun oʻz mulkingizdan hokimlaringizga pora qilib uzatmangizlar», Bibliyada  «Sovgʻa qabul qilma, u sovgʻa sening koʻzingni koʻr qilib, toʻgʻri ish koʻrishingga halal beradi», deyilgan ekan.

Demak, korruptsiya bugun paydo boʻlib qolgan unsur emas. Unga qarshi kurash tizimi ham qanday natija berganidan qatʼiy nazar azaldan ishlab kelgan. Masalan, manbalarda qayd etilishicha, Bobil davlati hukmdori Xammurapi boshchiligida ishlab chiqilgan qonunlar korruptsiyaga qarshi kurashni nazarda tutgan eng qadimiy hujjatdir.

Tarixchi Gerodotning yozib qoldirishicha, fors shohi Kambis II davrida pora olgan Sisamn ismli qirollik qozisi terisi tiriklayin shilib olinadi.

Zamonlar oʻtdi, mamlakatlar boshqaruvi tizimi, davlatchilik shakllari,  qonun-qoidalar oʻzgarib bordi. Ne ajabki, korruptsiya hamon yashab kelayapti. Shunga tayanib fikrlasak,  nazarimda korruptsiya va korruptsiyaga qarshi kurash abadiy davom etadi. Eng muhimi, bunda uning taʼsirini davlat va jamiyat boshqaruvida kamaytirishga erishishdir.

Tarixiy manbalar va xalq ogʻzaki ijodida ayrim davlatlar amaldorlari hamda din peshvolarining oʻzlari korruptsiya tepasida turganligi haqidagi maʼlumotlar uchraydi. Natijada el-ulus qashshoqlashgan, boshqaruvdagi adolatsizlikdan norozilik oqimi yuzaga kelib, qancha imperiya va davlatlar inqirozga yuz tutgan. SSSR, Buxoro amirligi, Xiva va Qoʻqon xonliklari taqdiri bunga yaqqol misol boʻla oladi.

Mutaxassislar tahlillariga koʻra, har qanday davlatda korruptsiya quyidagi omillar taʼsiriga uchraydi:

mamlakatdagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat, qonunlar va qonun osti hujjatlarining barqaror boʻlishi;

fuqarolarning ijtimoiy va iqtisodiy ahvoli hamda maʼnaviyati, huquqiy savodxonlik darajasi;

fuqarolarning davlat boshqaruvida saylovlar tizimi orqali ishtirok etishi, ularning deputatga, deputatning esa davlat organlariga real taʼsiri, ijro hokimiyati va maʼmuriy organlarning saylab qoʻyiladigan organlar oldidagi hisobdorlik darajasi;

davlatning jamiyat va iqtisodiyotni boshqarishga aralashish darajasi;

qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatining bir-birini real ravishda tiyib turish darajasi;

qonunlarning bevosita ishlashi;

turli xil maʼno anglatuvchi va bir-biriga zid keluvchi qonunlar mavjudligi, qonunlardan qonun osti hujjatlarining ustunlik kasb etishi;

davlat xizmatchilarini tanlash va lavozimga qoʻyishda odillik, tanlov va shaffoflik tizimining mavjudligi;

davlat xizmatchilarining lavozim vazifasi va tadbirkorlik   faoliyatini oʻzaro qoʻshib olib borishi;

lavozimdagi faoliyati bir-biriga bogʻliq davlat xizmatchilari   oʻrtasidagi qarindosh-urugʻchilik;

davlat xizmatchilarining jinoyatchilik olami bilan birlashib ketishi yoki uning taʼsiriga tushib qolishi;

davlat xizmatchilari daromadi, ular va oila aʼzolarining ijtimoiy hamda huquqiy himoyalanganlik darajasi;

davlat idoralarining ochiqligi hamda fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalarining erkinligi.

Mulohaza qilsak, korruptsiyaga qarshi kurashning samarali kechishi yuqorida bayon qilingan omillarga har jihatdan bogʻliq. Ularning hayotda aks etishiga qarab, jamiyatda korruptsiya holatlari kamayishi ham, aksincha, urchib ketishi ham mumkin.  

Umuman, korruptsiya holatlari jahondagi, xoh u katta yoki kichik, xoh  boy yoki kambagʻal boʻlsin, barcha davlatlarda uchrasa-da, xavflilik darajasi turlicha boʻladi. «Transparency InternationaI» halqaro tashkilotining joriy yildagi maʼlumotiga qaraganda, Oʻzbekiston korruptsiyaga qarshi kurash sohasida sezilarli natijalarga erishayotgan boʻlsa-da, bu borada hamon jahonning 180 ta mamlakati orasida 158-oʻrinda turadi.

Demak, bu illatga qarshi kurashish borasida hali qilishimiz zarur boʻlgan ishlar bisyor va shu fikrga hamohang amaliy saʼy-harakatlar bir zum toʻxtab qolgan emas. Ayniqsa, mamlakatimizda soʻnggi yillarda korruptsiyaga qarshi kurash yanada jonlantirildi. Xususan, 2017 yil 3 yanvarda Oʻzbekiston Respublikasining «Korruptsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida»gi Qonuni qabul qilindi. 2017 yil 2 fevralda Prezident «Korruptsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida» qaror qabul qildi.

2019 yil 27 maydagi farmon asosida korruptsiyaga qarshi kurash sohasida yuzaga kelgan muhim oʻzgarishlar shundan iboratki, 2017 yil 2 fevraldagi qaror bilan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori Korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasi raisi etib tasdiqlangan boʻlsa, endi ushbu komissiyaga Oliy Majlisi Senati raisi rahbarlik qiladi. Ikkinchidan, oʻsha qaror bilan 2017-2018 yillarga moʻljallangan korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha davlat dasturi tasdiqlangan boʻlsa, farmon bilan 2019-2020 yillarga moʻljallangan dastur tasdiqlandi. Uchinchidan, farmonda qayd etilganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari raisligida Korruptsiyaga qarshi kurashish sohasidagi faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish boʻyicha maxsus komissiya tuzildi. Toʻrtinchidan, korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha komissiyalar xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) kengashlarida ham tuziladigan boʻldi. Beshinchidan, korruptsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlari kengaytirildi.

Endi eng muhimi, korruptsiyaga qarshi kurash sohasidagi qonun hujjatlari ijrosi toʻkis taʼminlanishiga erishishdir. Bu — adolatli, insonparvar huquqiy demokratik davlatda yashashni istovchi barcha fuqarolarning birgalikdagi vazifasi. Demak, hammasi oʻzimizga bogʻliq.

Abdishukur OMONOV,

Qashqadaryo viloyati hokimligi  yuridik xizmat rahbari


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.