18 +  RSS  E-mail
11:22, 13 06 2019

Besh muhim tashabbus: yurtdoshlarimiz hayotida nimalar oʻzgarmoqda?


Joriy yilning 19 mart kuni mamlakatimiz rahbari boshchiligida oʻtgan videoselektorda yurtimiz yoshlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning maʼnaviy immunitetini kuchaytirish, qobiliyat va isteʼdodlarini roʻyobga chiqarishlari uchun koʻmaklashish maqsadida beshta muhim ahamiyatga ega tashabbusni ilgari surilgan edi.

Yurtimizning barcha hududlarida boʻlgani kabi viloyatimizda ham mazkur tashabbuslarni targʻib qilish ishlariga katta eʼtibor qaratilib, ushbu hayotiy tajriba jamiyatimizda keng tatbiq etilmoqda.

Birinchi tashabbus yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va sanʼatning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirishga, isteʼdodini yuzaga chiqarishga xizmat qiladi. Ayni paytda Navoiy viloyati miqyosida sanʼat va madaniyat sohasiga qiziquvchi yoshlarning soni 39 ming nafardan oshadi. Ularning aksariyati taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan va uyushmagan yoshlardir.

Bugungi kunda viloyatimizda 32 ta madaniyat markazi hamda 13 ta musiqa va sanʼat maktabi faoliyat yuritayotgan boʻlib, ularda oʻtkazilayotgan mashgʻulotlarda 2 mingdan ortiq oʻgʻil-qizlar muntazam ishtirok etadi. Afsuski, bu juda past koʻrsatkich hisoblanadi. Tashabbus ilgari surilgach, bu yoʻnalishdagi amaliy ishlarning olib borilishi doimiy nazoratga olindi.

Xususan, joriy yilda Nurota va Qiziltepa tumanlarida yangi madaniyat markazlarining qurilish ishlari boshlanishi mazkur hududlar yoshlarining qobiliyatini oʻstirishga qulay muhit va aholining madaniy hordiq chiqarishi uchun zarur sharoitni yaratadi.

Bu borada tezkorlik bilan bartaraf etilishi lozim boʻlgan kamchiliklar, ayrim toʻsiq va muammolar ham yoʻq emas. Birinchi navbatda zarur jihozlar va malakali kadrlar masalasini hal qilish muhim ahamiyat kasb etadi.

Bundan tashqari, birinchi tashabbusni qoʻllab-quvvatlash maqsadida viloyat madaniyat va xalq taʼlimi boshqarmalarining qoʻshma qarori qabul qilindi. Unga koʻra, yangi oʻquv yilidan musiqa va sanʼat maktablari hamda madaniyat markazlari ijodiy jamoalari har oyda toʻrt marotaba umumtaʼlim maktablarida boʻlib, oʻquvchilar orasida oʻz faoliyatini targʻib etadi.

Yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratishga yoʻnaltirilgan ikkinchi tashabbus boʻyicha hududimizdagi yoshlar orasida maxsus soʻrovnoma oʻtkazildi. Natijaga koʻra, 68631 nafar yosh oʻz xohishidan kelib chiqib, maʼlum sport turlari bilan shugʻullanish istaklarini bildirishgan.

Bugungi kunda mazkur yoʻnalishda belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash yuzasidan viloyat hamda tuman va shaharlarning yoʻl xaritalari ishlab chiqildi. Unga koʻra, Xatirchi va Nurota tumanlari hamda Navoiy shahri namunaviy loyiha asosida tanlab olindi. Maxsus ishchi guruhi tomonidan olib borilgan oʻrganish jarayonida shahar hududidagi sport majmualarining 48 tasi bugungi kunda kapital taʼmirga muxtojligi aniqlandi Bundan tashqari, Xatirchi tumanidagi “Yoshlik” va 17 umumtaʼlim maktabi tasarrufidagi “Tasmachi” futbol oʻyingohlari hamda bolalar-oʻsmirlar sport maktabi tasarrufidagi ochiq suzish suv havzasi hozirgi vaqtda taʼmirtalab. Tashabbusdan kelib chiqib, Nurotada sport zallari mavjud boʻlmagan oʻquv muassasalarida tadbirkorlar bilan hamkorlikda yengil konstruktsiyali sendvich-panelli davlat xususiy sherikchilik asosida qurilish ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Uchinchi tashabbus ijrosi sifatida viloyatimizda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish hududiy boshqarmasi tomonidan yoshlar orasida informatsion texnologiyalari savodxonligini oshirish masalasiga qaratildi. Shu maqsadda barcha taʼlim muassasalarida maxsus oʻquv kurslarini tashkil etish ishlari jadal surʼatlarda olib borilmoqda. Jumladan, Navoiy davlat konchilik va pedagogika institutida talabalar uchun oʻquv kurslari faoliyati takomillashtirilib, turli dasturlar yaratish usuli oʻrgatilmoqda. Viloyat markazida Raqamli texnologiyalar oʻquv markazi tashkil etildi.

Toʻrtinchi tashabbus boʻyicha butun mamlakatimizda boʻlgani kabi viloyatimizda ham keng targʻibot ishlari olib borildi. “Yosh kitobxon” respublika tanlovining hududiy bosqichlari, “Maʼrifat karvoni”, “Bir bolaga uch kitob”, “Kitob bilan kelajakni quramiz”, “Maktabimga kitob sovgʻa qilaman”, viloyatda korxona, tashkilot va muassasalar xodimlari orasida oʻtkazilayotgan “Haftada bitta kitob mutolaa qilamiz” kabi ommaviy tadbirlarda mutolaa madaniyatini oshirish, yosh avlodni badiiy adabiyotga qiziqtirish va aholi orasida kitobxonlik darajasini oshirish targʻib qilinmoqda.

Ayni paytgacha tashabbus doirasida viloyatimiz umumtaʼlim maktablarining kutubxona fondiga 91 ming 697 ta badiiy kitob yigʻildi. Mazkur jarayonda viloyatdagi korxona, tashkilot va muassasa rahbarlarining bevosita homiyligida taqdim etilgan badiiy adabiyotlar soni 44 mingdan oshdi. Shuningdek, marafonlarda jamgʻarilgan kitoblar miqdori 47 ming 604 tani tashkil etgani quvonarli hol.

Beshinchi tashabbus xotin-qizlarni ish bilan taʼminlash masalalariga bagʻishlangan boʻlib, bu borada ham viloyatimizda bir nechta loyihalar ishlab chiqildi, muayyan ishlar bajarilmoqda. Jumladan, Konimex, Nurota, Navbahor va Xatirchi tumanlarida tikuv-trikotaj tsexlarining ishga tushirilishi koʻzda tutilgan boʻlib, hozirda qurilish ishlari boshlanish arafasida. Mazkur obʼektlar foydalanishga topshirilsa, 400 nafar xotin-qiz doimiy ish oʻrniga ega boʻladi.

Tashabbus ilgari surilganidan soʻng, viloyatimiz miqyosida ayollarning 331 nafari hunarmandchilik, 379 nafari tadbirkorlik, 170 nafari oilaviy maktabgacha taʼlim muassasalari, 199 nafari chorvachilik, 682 nafari parrandachilik, 239 nafari issiqxona va 2 ming 428 nafari ipak qurti boqish ishlariga jalb etildi. Shuningdek, 3 ming 989 nafar xotin-qizga imtiyozli kredit asosida tikuv mashinalari olib berildi. Natijada, 260 ta yangi tsex ish boshladi.

Tashabbuslar doirasida yaratilayotgan imkoniyatlar, keng koʻlamli ommaviy targʻibotlar va amalga oshirilayotgan loyihalar ezgu maqsadlarga xizmat qilayotgani, yurtdoshlarimiz, xususan, yoshlar hayotida muhim oʻrin tutayotgani bilan eʼtirofga loyiq.

Nigora ROʻZIYEVA,

“Doʻstlik bayrogʻi” muxbiri.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.