18 +  RSS  E-mail
13:19, 12 06 2019

Naq olmadek eksportbop olxoʻri


Zaminimizda unib-oʻsadigan mevalar totli va vitaminlarga boy, ekologik bezarardir. Pishib yetildimi, ularga hatto xorijdan ham shu zahoti xaridor topiladi. Ham yurtimiz aholisi, ham chet elliklarni ushbu ajoyib noz-neʼmatlardan birdek bahramand qilishda shubhasiz sohibkor bogʻbonlarimizning hissasi katta. Ularning saʼy-harakati bilan bugun bozorlarimiz turfa mahsulotlarga toʻla, isteʼmoldan ortgani esa eksportga yoʻllanayapti.

Kitob tumanidagi «Ozodbek Foziljonovich» fermer xoʻjaligi ham bogʻdorchilikka ixtisoslashgan boʻlib, tasarrufidagi 10 gektar yerning qariyb yarmida olxoʻri, qolgan qismida gilos parvarishlanayapti. Hozir bogʻ ayni kuchga kirgan payt.  

Olxoʻri daraxtlari ekilganiga ham 8 yil boʻlibdi. Shu kunlarda esa hosil terib olinib, elimiz dasturxoniga peshma-pesh yetkazib berilmoqda. Fermer oʻz mahsulotini tashqi bozorga ham chiqarishga ulgurgani eʼtiborlidir.

— Qozogʻistonlik hamkorlarimizga 4 tonna  olxoʻri sotdik, — deydi xoʻjalik ish boshqaruvchisi Foziljon Vohidov. — Nafaqat mazasi, balki tashqi koʻrinishi ham eksport talabiga mos. Mevasi yirik-yirik, naq olmadek. Xaridorlarga esa bu juda maʼqul keldi. Hozircha shu bilan kifoyalandik. Chunki noqulay ob-havo sabab hosilning asosiy qismini yoʻqotdik. Kelgusida eksport uchun koʻproq ishlashni reja qilganmiz. Olxoʻridan tashqari gilosni ham taklif etmoqchimiz. Mahsulot sifati yaqinda xoʻjaligimizda mehmon boʻlgan chet elliklarni ham qanoatlantirdi.

Bogʻbonning aytishicha, bu yilgi mavsumda yana koʻp miqdorda uzum eksportini amalga oshirish ham maqsad qilingan. Allaqachon kelishuvga ham erishilgan. Moʻljaldagi mahsulotni mahalliy ishlab chiqaruvchilardan yigʻib olish koʻzda tutilmoqda.

M.JOʻRAYEV

Sobir NARZIYEV olgan surat.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.