18 +  RSS  E-mail
13:22, 12 06 2019

Hamma uchun xavfsiz qon


Butunjahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlumotlariga koʻra, barcha davlatlarda qonga boʻlgan ehtiyojni toʻliq taʼminlash uchun har 1000 kishiga 40-60 nafardan donor toʻgʻri kelishi lozim. Mamlakatimizda esa bu koʻrsatkich hozircha 4-5 nafarni tashkil etadi, xolos. Aynan shu bois  bugun begʻaraz donorlar safini kengaytirish borasidagi saʼy-harakatlarning izchilligini taʼminlashga katta eʼtibor qaratilmoqda.

Tibbiyotda maʼlumki, qon, uning komponentlari va preparatlari (plazma, eritrotsitlar, trombotsitlar, al’bumin va immunoglobulinlar) inson hayoti xavf ostida qolganda quyiladi.  Shuningdek, qon tizimi kasalliklarida (ogʻir darajali kamqonliklarda, leykoz, yaʼni «oqqon» xastaligida, qon ivish tizimi buzilishi kasalliklari, yaʼni, gemofiliya kasalligi, koagulopatiyalar), saraton kasalliklarida, patologiyali ogʻir kechadigan tugʻruqlarda, operatsiyalarda, ogʻir darajali kuyishlarda va turli xil favquloddagi holatlarda asqatadi. Bunday holatda kerakli miqdordagi qonni topish uchun sogʻlom insonlarni doimiy, begʻaraz qon donorligiga jalb etish lozim.

Birinchi boʻlib qon guruhlarini aniqlagan olim Karl Landshteyner  sharafiga u tugʻilgan sana — 14 iyunda nishonlanadigan  Butunjahon donorlar kuni donorlar, shuningdek, ular xizmatidan foydalanuvchilar uchun bayram. Bu kuni butun dunyoda, oʻzidagi eng qimmatli narsasi — oʻz qonini  begʻaraz topshiruvchi insonlar qadrlanadi.

— Tibbiyot sohasi tobora rivojlanib borayotgani sayin shifo maskanlarida koʻplab murakkab operatsiyalar amalga oshirilmoqda, — deydi  viloyat qon xizmati markazi qon va qon mahsulotlari tayyorlash boʻlimi boshligʻi Malik Nuriyev. — Jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli bajarish uchun esa, tabiiyki, koʻp miqdorda qon kerak. Shu sababli markazimizda topshirilgan qon avvalo muayyan tartib-qoidalarga rioya etilgan holda, maxsus jihozlangan xonalarda olinadi. Uni topshirishdan avval donor shifokor nazorati, tibbiy koʻrik va mutaxassis suhbatidan oʻtkaziladi. Shundan soʻng u donorlikka loyiq, deb topilsa, qon topshirishi mumkin. Qon berish inson salomatligi uchun juda foydali amaliyot sanaladi. Yaʼni donorlik gipertoniya xastaligining oldini olish va davolash, organizmda moddalar almashinuvini yaxshilash hamda immun tizimini   mustahkamlashga sezilarli darajada ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Darhaqiqat, qon topshirishning foydasi, ijtimoiy ahamiyati keng targʻib qilinishi ortidan donorlar soni ham ortib bormoqda. Viloyatimizda 2017 yilda 8600 nafar donor qon topshirgan boʻlsa, bu koʻrsatkich 2018 yilda 10 ming 700  nafarni tashkil etdi. 2018 yilda viloyat qon xizmati markazi III darajali qon  qoʻyish markazi nomini oldi.

— Bizda bir yilda 25 ming nafar donordan qon olish va uni qayta ishlash imkoniyati mavjud boʻlib, viloyatimiz tumanlarida 19 ta qon quyish boʻlimlari faoliyat koʻrsatmoqda, — deydi Malik Nuriyev. — Markazimizda qon olish, qon tayyorlash va uni bemorlarga quyishning zamonaviy tizimi yaratilgan boʻlib, bu ish eng zamonaviy texnologiyalar yordamida, malakali mutaxassislar tomonidan amalga oshiriladi.

Butunjahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlumotlariga koʻra, dunyo aholisining 40 foizi kamqonlikdan aziyat chekmoqda. Mana shunday insonlarga ozgina boʻlsa-da yordam koʻrsatish  maqsadida har yili iyun — begʻaraz donorlik oyi deb eʼlon qilinadi. Mazkur oylikda barcha sogʻlom insonlar begʻaraz donorlar safiga qoʻshilib, qonga muhtoj bemorlar hayotini saqlab qolish bilan birga favqulodda holatlar uchun qon zaxirasini tashkil qilishga oʻz hissalarini qoʻshishlari mumkin. Chunki mazkur tadbir chogʻida tayyorlangan qon mahsulotlari shifoxonalarda davolanayotgan va hayoti xavf ostida qolgan ogʻir bemorlarning hayotini saqlab qolish uchun ajratiladi.

Har yilgi anʼanaga muvofiq, mamlakatimizda bu yilgi Butunjahon donorlar kuni «Hamma uchun xavfsiz qon» shiori ostida oʻtkazilmoqda. Xususan, shu kuni joylarda ushbu sanaga bagʻishlangan ilmiy-amaliy anjumanlar, madaniy-maʼrifiy tadbirlar, forum va muloqotlar oʻtkaziladi. Bulardan koʻzlangan asosiy maqsad, saxovatpesha yurtdoshlarimizning ezgulik yoʻlidagi xayrli tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, yoshlarimizda insoniylikka xos goʻzal fazilatlarni qaror toptirishdir.

Shohista BOZOROVA

Sobir NARZIYEV  olgan surat.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.