18 +  RSS  E-mail
13:15, 12 06 2019

Forishlik pillakorlar marrani zabt etdi


Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 11 avgustdagi “2017-2021 yillarda pillachilik tarmogʻini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori sohada amalga oshirilayotgan ishlarni yangi bosqichga koʻtarib, pillachilik korxanalari va pilla yetishtiruvchilar uchun keng imkoniyatlar yaratdi.

Pillachilik korxonalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, modernizatsiya qilish, ozuqa bazasini va pilla yetishtirishni koʻpaytirish, qayta ishlash va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni keng yoʻlga qoʻyish maqsadida 2023 yil 1 yanvargacha korxonalar yagona soliq, yagona ijtimoiy toʻlovlardan ozod qilinishi islohot talablaridan biridir.

Joriy yilda Forish tumani pillakorlari 33,6 tonna sifatli pilla yetishtirish boʻyicha 112 ta fermer xoʻjaliklari va 500 ta kasanachilar bilan kontraktatsiya shartnomalari tuzilib, 650 quti ipak qurti tarqatildi.

Pillakor oʻz soʻzlarining ustidan chiqishdi. Viloyat xirmoniga 33,6 tonnadan ziyod pilla yetkazib berildi.

Ushbu xirmonning barvaqt tiklanishida “Taraqqiyot qoʻrgʻoni” fermerlar uyushmasidan “Shumqorbobo”, “Mahmud polvon gʻallasi”, “Garasha” agroxizmat markazidan “Ochil Turkiston”, “Narvon” agroxizmat markazidan “Husanbuloq suvlari”, “Oʻmirzoq Quduq” fermer xoʻjaliklari pillakorlari, “Uchma” mahallasidan Munavvar Hasanova, Jumagul Qarshiboyeva, “Osmonsoy” mahallasidan Norgul Hamidova, “Sayyod” mahallasidan Jafar Rustamov kabi kasanachilar katta hissa qoʻshdilar. Ular har quti ipak qurtidan 65-70 kilogrammgacha “kumush tola” yetishtirishga erishdilar.

Bir soʻz bilan aytganda, davlatimiz rahbari tomonidan pillaning yangi navlarini yaratish hamda ipak tolasining sifatini xalqaro standartlar talabi darajasiga koʻtarish, uni zamonaviy bozor talablari asosida sotish, qayta ishlash jarayonini isloh qilish ustuvor vazifa etib belgilangani sohadagi muvaffaqiyatlarda muhim omil boʻlmoqda.

Tuman dehqonlari yurtboshimiz tomonidan yaratib berilgan imtiyoz va sharoitlardan ruhlanib, joriy yilda gʻalladan ham hosil koʻtarib, yurtimiz xirmoniga baraka qoʻshishni niyat qilishgan.

Rashid KARIMOV


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.