18 +  RSS  E-mail
13:34, 10 06 2019

Tillani oʻgʻirlagan kim: ovsinmi?


Ona oʻgʻlining holidan havotirlanib, uning yonida qoldi. Ertasiga ertalab esa ovsini D.O.dan qoʻngʻiroq keldi. Shu bahona u ham ovsinidan “yotoqxonamdan pardoz-andoz buyumlarini olib kelib bering” deb soʻradi. Hammasi shu qoʻngʻiroqdan ke-yin boshlandi.

D.O. aytilgan yumushni saranjomlab, shifoxonaga yetib keldi. Ikki-uch kunda D.Y.ning oʻgʻliga ham shifoxonadan chiqishga ruxsat tegdi. Sogʻligi yaxshilashib qolgandi.

Bu orada D.Y. turmush oʻrtogʻi bilan gaplashib oʻtirib, nima uchundir bir paytlar ammasi uning oʻgʻliga sovgʻa qilgan tilla bilaguzuk yodiga tushib ketdi. Borib oʻsha pardoz-andoz qutichasiga koʻz tashladi, biroq turgan joyida yoʻq edi… Soʻng javonning hamma joyini titib chiqdi. Topilmadi. Ana shundan keyin ovsinidan gumonlana boshladi.

Gumon iymondan ayirar, deyishadi, biroq bu vaziyatda kimdandir shubha qilish kerak boʻlsa, faqat ovsini olgan boʻlishi mumkinligini oʻylardi, xolos. Buni qarangki, gumoni toʻgʻri boʻlib chiqdi.

Oʻsha kuni rostdan ham shu voqea sodir boʻlgandi.

D.O. ovsinining oʻgʻli betob boʻlib qolganini bilib, unga xayrixoh sifatida sim qoqdi. Nimadir kerak boʻlsa, olib boraman, dedi. Shunda boyagi atir-upa esiga tushdi, ovsin ham boʻyanmoq vajidan shularni ayta qoldi. Ovsinining yotoqxonasiga kirib borgan D.O. u yerda tilla-taqinchoqlar solinib turgan qutichaga koʻzi tushdi. Quticha ichidagi “yalt-yult”ni koʻrib, ularni oʻgʻirlash va sotib yuborish hayoliga keldi. Uyda hech kim yoʻqligi ham uning uchun ayni muddao edi.

Ovsin qutichani sekingina olib, oʻz yotoqxonasiga oʻtdi va ichini ochib qaraganida, tilla taqinchoqlardan bir zum koʻzi qamashdi. Ularni sumkasiga joyladi. Shundan soʻng ovsini holidan xabar olishga chogʻlandi. Qaytishda esa taqinchoqlar orasidan bir dona uzukni 300 ming soʻmga “uchirma” qildi. Qolgan taqinchoqlarni oʻzi bilan uyiga olib ketdi.

Ertasi kun ular orasidan yana bittasini 1,4 million soʻmga sotib, pullarni oʻz ehtiyojlari uchun ishlatib yubordi va oʻzi hech nima koʻrmaganday yuraverdi.

Ovsini taqinchoqlari qoʻygan joyida yoʻqligini sezib, soʻrab kirganida ham “hamma joylarni qarashlaringiz mumkin” deb xonasini ochib berdi, chunki bu paytda ushbu tilla taqinchoqlar xonada emas, yon choʻntagida turgandi.

Soʻngra ular ichki ishlar organiga ariza bilan murojaat qilishga majbur boʻlishdi. Bu orada D.O.ning qizi betob boʻlib shifoxonaga tushdi. U hatto shundan ham toʻgʻri xulosa chiqarmay, qoʻlida qolgan “oʻlja”dan birini bu gal dori-darmonni bahonalab sotishga kirishdi…

Surishtiruv ishlari samara berib, gap nimada, tillalarni kim oʻgʻrilagani ayon boʻldi, sir ochildi.

Sudlanuvchi D.O. ovsinidan kechirim soʻrab, yetkazilgan zararni  toʻliq qoplab berdi. Endigina yigirma yoshni qarshilagan kelinchakning nomiga yaxshi ish boʻlmadi. U jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga nisbatan  eng kam oylik ish haqining 25 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Ovsin keltirgan ziyonini qoplab berar, tilla taqinchoq oʻrniga ehtimol undan ham yaxshisini olib berar. Biroq darz ketgan munosabatni tiklash uchun hali ancha vaqt kerak boʻladi…

Kamol MURODOV.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.