18 +  RSS  E-mail
13:31, 10 06 2019

Buxoroliklar bayroqdorlar safida


“Buxoro” sport majmuasi xalqaro turnir ishtirokchilari, tashkilotchilar va muxlislar bilan gavjum boʻldi. Dastlab ishqibozlar 52 kg vazn toifasidagi qizlar — Muxlis Muhammadiyeva va Ozoda Nurmatova, shuningdek, 66 kg vazn toifasidagi erkaklar — Chori Zoirov va Abror Jabborovlar oʻrtasida kechgan qizgʻin bellashuvga guvohlik qilishdi.

Muxlislar har bir polvonning chiqishini zoʻr qiziqish bilan olqishlab turishdi.

Ayniqsa, Dilshod Choriyev, Manuchehr Shirinov, Mirjon Toʻxtayev, Erkin Doniyorov (Oʻzbekiston), Nurislam Idrisov (Qozogʻiston), Hamid Rashidi (Eron), Chakmar Meʼrojiddin (Afgʻoniston) kabi nomdor polvonlarning chiqishlarini zoʻr hayajon bilan qarshilashdi.

Yakuniy natijalarga koʻra, 52 kg vazn toifasidagi qizlar oʻrtasidagi bahslarda oʻzbekistonlik Gulnor Sulaymonova birinchi oʻrinni egalladi. Ikkinchi oʻrin Xitoy Taypeyi vakili Sou Xea Venga nasib etdi. Yana bir hamyurtimiz Oysuluv Abdumajidova hamda qirgʻizistonlik Eliza Abdekadirova uchinchi faxrli oʻringa egalik qilishdi.

60 kilogramm vazn toifasidagi kurashchilar oʻrtasidagi bahslarda oʻzbekistonlik Chori Zoyirov birinchi, qozogʻistonlik Amanxan Oskenbayev ikkinchi, afgʻonistonlik Chakmar Merajiddin va oʻzbekistonlik Furqat Maʼrufjonovlar uchinchi oʻrinni egallashdi.

Xuddi shuningdek, 66 kilogramm vazn toifasidagi bellashuvlarda Erondan kelgan nomdor polvon Jaʼfar Feruzobodi birinchi oʻrinni egalladi. Ikkinchi oʻrin oʻzbekistonlik Mirjon Toʻxtayevga nasib etdi. Afgʻonistonlik Shuabmuhammad Yusuf hamda oʻzbekistonlik Qobiljon Ahmedovlar uchinchi oʻringa muyassar boʻlishdi.

90 kilogramm vazn toifasida kechgan kurash qizgʻin taassurotlarga boy boʻldi. Bunda Shermuhammad Jandriyev birinchi oʻrinni qoʻlga kiritib, Oʻzbekiston sharafini munosib himoya qildi. Qirgʻizistonlik Jamalbek Asilbek oʻgʻli ikkinchi, oʻzbekistonlik Nurislom Idrisov hamda Muhammadali Shamsiddinovlar uchinchi oʻringa musharraf boʻlishdi.

100 kilogramm vazn toifasidagi polvonlar bellashuvida Buxoro farzandi Erkin Doniyorov hal qiluvchi final bahsida eronlik Hamed Rashidini magʻlub etib, oltin medalni qoʻlga kiritdi. Uchinchi oʻrin oʻzbekistonlik Elbek Abdullayev hamda qozogʻistonlik Almaz Shakarovga nasib etdi.

Gʻolib va sovrindorlar tantanali ravishda taqdirlanishdi.

Buxoro viloyati hokimligi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.