18 +  RSS  E-mail
12:13, 03 06 2019

“Poykent Bukhara” tarmogʻidagi mehmonxonalarning navbatdagisi Kogon tumanida ish boshladi


Davlatimiz rahbari oʻtgan yili 16-17 fevral kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi chogʻida Abduxoliq Gʻijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Orif Revgariy, Ali Romitaniy, Boboyi Samosiy, Mahmud Fagʻnaviy, Sayyid Amir Kulol meʼmoriy majmualarini oʻz ichiga olgan “Etti pir” ziyoratgohini zamon talablari darajasida rekonstruktsiya qilish va ularni bogʻlovchi yangi sayyohlik yoʻnalishi tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar bergan edi. Shunga muvofiq, “Etti pir” ziyoratgohlarida keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, Sayyid Amir Kulol ziyoratgohi atrofi oʻralib, tahoratxona, masjid, muzey, choyxona, avtomobillar toʻxtash joyi, esdalik buyumlar va kitob savdo rastalari barpo etilmoqda. Majmua hududi toʻliq obodonlashtirilmoqda.

Shuningdek, majmua atrofida ziyoratchilar uchun zamonaviy, barcha talabga javob bera oladigan infratuzilma yaratish maqsadida mehmonxona qurish ishlariga kirishilgan edi. Qisqa muddatda bunyod etilgan mazkur inshootning tantanali topshirish marosimi boʻlib oʻtdi. Marosimda viloyat va tuman hokimligi mutasaddilari, faollar, keng jamoatchilik vakillari hamda sayyohlar ishtirok etdi.

Tadbirda soʻz olgan viloyat hokimi Oʻktam Barnoyev Buxoroda sayyohlik infratuzilmasini yanada rivojlantirish, transport, mehmonxona xizmatlari va sayyohlik logistikasi bilan bogʻliq xizmatlarning qulayligini oshirish, shuningdek, turistik faoliyat bilan shugʻullanadigan tadbirkorlik subʼektlariga zarur shart-sharoitlar yaratishga alohida eʼtibor qaratilayotgani, bu yerga keluvchi ziyoratchilarning yildan yilga oshib borayotganini taʼkidladi.

50 oʻrinli mehmonxonadagi shinam, biri-birini takrorlamaydigan dizaynga ega, zamonaviy mebellar bilan jihozlangan xonalarda ziyoratchilar yashashi va dam olishi uchun barcha qulaylik yaratilgan.

Taʼkidlash lozimki, mazkur mehmonxona tadbirkor Komil Roʻziyevning tashabbusi asosida ish boshlagan “Poykent Bukhara” tarmogʻidagi mehmonxonalarning navbatdagisi sanaladi. Hozirga qadar Vobkent tumanidagi Mahmud Anjir Fagʻnaviy, Shofirkon tumanidagi Xoja Orif ar-Revgariy ziyoratgohlarida xuddi shunday mehmonxona ishga tushirilgan edi. Sayyid Amir Kulol meʼmoriy majmuasidagi mehmonxonaning barpo etilishiga 3,5 mlrd soʻm mablagʻ sarflandi.

Tadbir ishtirokchilari mehmonxonada yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.

Buxoro viloyat hokimligi matbuot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.