18 +  RSS  E-mail
12:16, 03 06 2019

Mirzachoʻl tumanida oʻquvchilar suvga choʻkayotgan ikki nafar yosh bolani qutqarib qoldi


Mirzachoʻl tumanidagi 20-umumtaʼlim maktabining 10-sinf oʻquvchilari Doston Tursunov va Adham Dushaboyev suvga choʻkayotgan ikki nafar yosh bolani qutqarib qoldi.

Gagarin shahri yonidan oqib oʻtuvchi Katta Mirzachoʻl kanaliga choʻkib ketayotgan ikki bolani koʻrib qolgan Doston va Adham ularni qutqarishga shoshildi. Doston ikkilanib oʻtirmasdan suvga sakrab, bolalarning avval birini qirgʻoqqa olib chiqdi va ikkinchisi uchun yana kanalga tushdi. Bu paytda Adham xushidan ketgan birinchi bolaga suʼniy nafas oldirib, oʻziga keltirdi. Keyin ikkinchisiga ham shunday yordam koʻrsatildi.

Ushbu favqulodda vaziyatda maktab oʻquvchilarining suzishni, birinchi tibbiy yordam koʻrsatishni bilishlari, eng muhimi, zarur paytda jasurlik koʻrsatgani tufayli bir oilaning ikki farzandi — Yerjar mahallasida yashovchi kichigi 7, kattasi 9 yoshda boʻlgan Kamol va Jalol Azizovlarning hayoti saqlab qolindi.

Bolalarning hayotini saqlab qolgan jasur oʻquvchilarga Azizovlarning ota-onasi, maktab maʼmuriyati, viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, mahalla fuqarolar yigʻini minnatdorchilik bildirdi.

Yoz mavsumida ochiq suv havzalarida choʻmiladiganlarning asosiy qismini bolalar va yoshlar tashkil etadi. Qishloq joylarda ommaviy choʻmilish uchun jihozlangan maxsus suv havzalari yoʻqligi bois mavjud ariq, anhor, koʻl va kanallardan foydalanish oddiy holga aylangan. Bolalarning oʻzboshimcha harakati, kattalarning beparvoligi yuqoridagi kabi koʻngilsiz hodisalarga sabab boʻladi.

Yuqoridagi xodisa sababi aynan shunday — eʼtiborsizlik. Faqat baxtli tasodif tufayli ularning hayoti qutqarib qolindi.

Baxtsiz xodisalarning oldini olish boʻyicha favqulodda vaziyatlar xizmati xodimlari maktab va maktabgacha taʼlim muassasalari, mahalla fuqarolar yigʻinlari bilan birgalikda aholi oʻrtasida tushuntirish, ogohlantirish ishlarini kuchaytirmoqda. Yorjar mahallasida yuz bergan hodisa barcha fuqarolar yigʻinlarda muhokama qilinib, ota-onalar eʼtibori bolalarning boʻsh vaqtlarini xatarsiz oʻtkazish, suv havzalari atrofida xavfsizlik choralarini kuchaytirishga qaratilayotir.

Toshqul BEKNAZAROV


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.