18 +  RSS  E-mail
12:22, 03 06 2019

Bolalar uchun maxsus sayt ish boshladi


Adliya vazirligi 1 iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni bolalar bayrami arafasida ular uchun maxsus sayt tayyorladi.

Ushbu sayt yosh avlodning huquqiy bilimini oshirish, bolalarda kichik yoshdanoq qonunga hurmat ruhini tarbiyalash maqsadida tashkil etilgan.

Maʼlumot uchun: “Bola huquqlari” sayti “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Prezident Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash yuzasidan yaratilgan. Sayt mazmuni ikki turdagi auditoriyaga moʻljallangan: 14 yoshgacha boʻlgan bolalarga va ota-onalarga.

Bolalarga moʻljallangan kontent qismi elementar tartib-qoidalarni oʻrgatishdan tortib maktabgacha taʼlim, maktab taʼlimi, salomatlik, yoʻl harakati qoidalari, odob-axloq qoidalari, tabiatni muhofaza qilish, Konstitutsiya, bola huquqiga oid konventsiya va boshqa hujjatlar haqida maʼlumot berishgacha boʻlgan turli mazmundagi materiallardan tashkil topgan.

Ota-onalar uchun esa burch va majburiyatlar, farzand asrab olish, turli hayotiy vaziyatlarda ota-onalik majburiyatlarini bajarish va huquqlaridan foydalanish kabi muhim masalalarga oid huquqiy maslahatlar berilgan.

Sayt faqat nazariy maʼlumotlardan iborat emas. Bolalarning huquqiy bilimlarni koʻngilochar-interaktiv oʻyinlar, mantiqiy masalalar, testlar yordamida oʻzlashtirishiga katta eʼtibor qaratilgan. Saytning maxsus “Huquqiy o‘yinlar” boʻlimida bolajonlar virtual olamda vaqtlarini qiziqarli va foydali oʻtkazishiga imkon yaratilgan.

Bolalarga huquqiy bilimlarni egallashga ragʻbat uygʻotish masalasi ham eʼtibordan chetda qolmagan. Buning uchun saytda bolalarning huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan hamda ularning bilimini baholab boruvchi oʻyinlar, topshiriqlar asosidagi reyting tizimi ishlab chiqilgan.

Saytning “Sizning lug‘at” boʻlimi alohida eʼtiborga loyiq. Ushbu boʻlimda yuridik atamalar va tushunchalar bolalar uchun tushunarli, sodda tilda izohlab berilgan. Bunda yosh foydalanuvchilarning hayotidan misollar keltirish orqali soʻzlarning taʼrifi boyitilgan.

Texnik jihatdan sodda va qulay yechimga ega “Bola huquqlari” tez orada kichkintoylarning virtual olamdagi sevimli maskanlaridan biri boʻlishi ehtimoli katta.

Xalqimizda “Yuz marta eshitgandan koʻra, bir marta koʻrgan maʼqul” degan naqlga amal qilgan holda, internet tarmogʻidagi http://bolahuquqlari.uz/ veb-manzil orqali veb-saytga tashrif buyurib, uning imkoniyatlari bilan tanishishni tavsiya qilamiz.

Samarqand viloyati hokimligi matbuot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.