18 +  RSS  E-mail
11:34, 31 05 2019

“Uch avlod” uchrashuvlari tarbiyaviy ishlar samaradorligiga xizmat qiladi


Ichki ishlar vazirligi tizimida joriy yilning may oyi “Odob-axloq oyligi” deb eʼlon qilinib, xodimlarning fuqarolar bilan muomala madaniyati va odob-axloq qoidalariga qatʼiy rioya qilishlarini taʼminlash hamda shaxsiy tarkib oʻrtasida xizmat intizomi va qonunchilikni mustahkamlash, jamoada sogʻlom va ishchan ruhiy muhitni yaratishga qaratilgan bir qator maʼnaviy-maʼrifiy va tarbiyaviy-profilaktik tadbirlar oʻtkazilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Kadrlar bosh boshqarmasi va Oʻz xavfsizligi boshqarmasi xodimlari hamda vazirlik Faxriylar kengashi aʼzolaridan iborat ishchi guruhlar tomonidan tarkibiy va hududiy ichki ishlar organlari bilan oʻtkazilgan “Uch avlod” uchrashuvlari mazkur oylik doirasidagi asosiy tadbirlardan biri boʻldi.

Xususan, Namangan, Andijon va Fargʻona viloyatlari ichki ishlar organlari xodimlari bilan oʻtkazilgan uchrashuvlarda Vazirlik Faxriylar kengashi aʼzosi, isteʼfodagi polkovnik Gʻayratjon Boltaboyev hamda Yoshlar ittifoqining Ichki ishlar vazirligidagi Yetakchilar Kengashi raisi mayor Xurshidbek Roʻziyevlar ishtirok etdi.

Mazkur tadbirda soʻnggi yillarda tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar, xodimlarning xizmat va turmush sharoitlarini yaxshilash borasida qilinayotgan ijobiy ishlar va berilayotgan imtiyozlar xususida soʻz yuritilib, ayrim xodimlar tomonidan sodir etilayotgan salbiy harakatlar ichki ishlar organlari shaʼniga hamda fuqarolarning soha xodimlariga nisbatan ishonchiga putur yetkazayotganligi alohida taʼkidlandi.

— Har bir xodimning kundalik xizmat faoliyati fuqarolar koʻz oʻngida boʻladi. Odamlar bitta xodimning xatti-harakatiga qarab, butun tizimga baho beradi, — deydi IIV Faxriylar kengashi aʼzosi, isteʼfodagi polkovnik Gʻayratjon Boltaboyev. – Shu bois ham har bir xodim oʻzining dunyoqarashi, fuqarolar bilan muomalasi, mavjud qoidalar va buyruqlar talablarini yaxshi bilishi bilan namuna boʻlishi lozim.

Uchrashuvlarda ayrim hollarda fuqarolar bilan bevosita muloqotga kirishayotgan xodimlar tomonidan qoʻpollik va xato-kamchiliklarga yoʻl qoʻyish holatlarining kelib chiqish sabablari muhokama qilinib, xodimlarga zarur tavsiyalar berildi. Jamoalarda ustoz-shogird anʼanalarini yanada rivojlantirish, murabbiylarning yosh xodimlarni tarbiyalash borasidagi masʼuliyatini yanada oshirish boʻyicha fikr-mulohazalar bildirildi.

— Har bir shahar-tuman ichki ishlar organlari va sohaviy xizmatlarda oʻtkazilgan uchrashuvlarda oʻz xizmat vazifalarini sidqidildan bajarib, alohida oʻrnak koʻrsatgan xodimlar doimiy ravishda Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan munosib taqdirlab kelinayotiganligi aniq raqam va misollar bilan yigʻilganlar eʼtiboriga taqdim etildi, — deydi Yoshlar ittifoqining Ichki ishlar vazirligidagi Yetakchilar Kengashi raisi mayor Xurshidbek Roʻziyev. – Albatta, oʻz ustida ishlab, fidoyilik va sadoqat bilan xizmat qilayotgan xodimlarning erishgan yutuq va natijalari tizimdagi koʻp sonli yosh xodimlar uchun ibrat boʻlib, ularni ham intilishga chorlashi, xalq manfaatlari yoʻlida halol va vijdonan xizmat qilishga undashi aniq.

“Uch avlod” uchrashuvlari davomida namoyish etilgan IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi hamda Kadrlar bosh boshqarmasi tomonidan tayyorlangan “Ozodlik qadri” nomli hujjatli fil’m ayniqsa barcha xodimlarda katta taassurot qoldirdi.

Ushbu fil’m har bir xodimni yana bir bor hushyorlikka chorlab, qasamyodga sodiq boʻlish, qonunlarga qatʼiy amal qilish, huquqbuzarlik va intizombuzarlikka yoʻl qoʻymaslik, fuqarolar bilan xushmuomalada boʻlib, ularning muammolarini qonun doirasida hal etish orqali odamlarning ichki ishlar organlari faoliyatidan rozi boʻlishlariga erishish eng asosiy burch ekanligini yana bir bor anglashga undaydi. Asosiysi, har bir xodim xizmat libosi va unga bildirilgan yuksak ishonchni qadrlashi, oʻzining kundalik faoliyati bilan egallab turgan lavozimiga munosib ekanligini isbotlashi zarurligini yana bir bor yodga soladi.

Bir soʻz bilan aytganda, mazkur uchrashuvlar shaxsiy tarkibni bosh maqsad boʻlgan “Xalq manfaatlariga xizmat qilish” ruhida tarbiyalash, ularning faoliyatidan xalqimizning roziligini taʼminlashga qaratilganligi bilan ham ahamiyatlidir.

Oʻzbekiston Respublikasi IIV jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi matbuot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.