18 +  RSS  E-mail
11:35, 31 05 2019

Mudofaa vaziri oʻrinbosari ishtirokidagi sayyor qabullar davomida koʻplab insonlar muammosi ijobiy hal boʻlmoqda


Mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari general-mayor Azizbek Ikramov boshchiligidagi masʼul mansabdor shaxslardan iborat guruh Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugning Termiz garnizonida joylashgan “Oila markazi”da sayyor qabul oʻtkazdi.

Qabul davomida Mudofaa vazirligi markaziy apparatidan iborat ishchi guruh barobarida okrug qoʻmondonligi masʼul ofitserlari harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari hamda harbiy pensionerlarning mavjud muammolari, talab, taklif va ehtiyojlari oʻrganilib, ularga amaliy koʻmak berish yuzasidan ish olib borildi.

Turfa murojaatlar bilan sayyor qabul guruhiga yuzlanayotgan yurtdoshlarimizning ogʻiri yengil, uzogʻi yaqin boʻlmoqda. Xususan, salomatligi tufayli yillar davomida aziyat chekib kelayotgan nafaqadagi podpolkovnik Gʻaribjon Safarovning sayyor qabul guruhining tashabbusi va beminnat yordamidan koʻngli toʻldi. U iyun oyining birinchi oʻn kunligi ichida “psoriastik astrit” tashxisi bilan Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitalida davolanadigan boʻldi. Agar zarurat tugʻilsa, hatto xorij shifoxonalariga ham yoʻllanma olishiga imkon boʻlishiga vaʼda berildi.

Shuningdek, marhum harbiy xizmatchilarning oilasi ham eʼtibordan chetda qolayotgani yoʻq.

— Sayyor qabul boʻlishini eshitib, Sariosiyodan Termiz shahriga keldim. Turmush oʻrtogʻim harbiy xizmatchi boʻlib, u vafot etgan. Hozirda oilaviy sharoitimiz ogʻir ahvolda. Mudofaa vaziri oʻrinbosari bilan uchrashib, bizni qiynayotgan muammolarni bayon etdim. U kishi mening murojaatimni tinglab, zudlik bilan muammomni hal etdilar. Buning uchun barcha tashabbuskor, fidoyi insonlarga rahmat aytaman, – deydi Guljamol Ulasheva.

Oʻzini qiynab turgan masala boʻyicha sayyor qabulga kelayotgan yuzlab fuqaro mamnun: ogʻiri yengil, mushkuli oson.

Sayyor qabul ishchi guruhi bilan birgalikda Surxondaryo viloyatining davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ham hamyurtlarimizga quloq tutarkan, ularning sogʻliqni saqlash, taʼlim, sport, bank va kredit, bandlikka koʻmaklashish kabi ijtimoiy-maishiy muammolariga yechim topdi.

— Viloyat markaziy bank boshqarmasi vakillari menga tadbirkorlik boshlashim va imtiyozli kredit olishim uchun nimalarga eʼtibor qaratishim haqida muhim yoʻl-qoʻriqlar koʻrsatdi, — deydi Dilshoda Shodiyeva. — Turmush oʻrtogʻim — harbiy xizmatchi. Men xususiy tadbirkorlik orqali oilaviy daromadimizga oʻz hissamni qoʻshmoqchiman.

Bundan tashqari, ushbu sayyor qabullar Surxondaryo viloyatining Jarqoʻrgʻon hamda Sherobod tumanlarida joylashgan harbiy qismlarda ham oʻtkazildi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.