18 +  RSS  E-mail
11:11, 29 05 2019

“Mening mahallamda jinoyat sodir boʻlmasligi kerak!”


Surxondaryo viloyati hokimligida videoselektor tarzida navbatdagi hokimlik soati yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda viloyat hokimi oʻrinbosarlari, hokimlik apparati masʼul xodimlari, shahar, tumanlar hokimlari, ularning oʻrinbosarlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlari, mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Yigʻilishda viloyat hokimligiga jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushayotgan murojaatlar qonuniy va sifatli koʻrib chiqilishini taʼminlash, 1 iyun — “Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni”ga bagʻishlangan bayram tadbirlarini uyushqoqlik bilan oʻtkazish, fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovini oʻtkazish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi masalalar yuzasidan mutasaddilarning hisoboti tinglandi.

Taʼkidlanganidek, Surxondaryo viloyatidagi 718 mahalla fuqarolar yigʻinida boʻlib oʻtgan saylovlarda nomzodlarning maʼlumoti, tashabbuskor va tashkilotchiligi, koʻp yillik hayotiy tajribasi va el-yurt orasidagi obroʻ-eʼtibori eʼtiborga olindi. Ovoz berish jarayoni yakunlariga koʻra, nomzodlarning 365 nafari (50,8%) qayta saylangan boʻlsa, 353 nafari (49,2%) yangidan ish boshladi. Fuqarolar yigʻinlari raisligiga saylanganlarning 57 nafari (8%)ni xotin-qizlar tashkil etadi.

Hokimlik soati davomida kun tartibida muhokama qilingan barcha masalalar yuzasidan masʼullarga tegishli yoʻl-yoʻriq va topshiriqlar berildi. Mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari oldida turgan dolzarb vazifalar, xususan, “Mening mahallamda jinoyat sodir boʻlmasligi kerak!” degan ezgu gʻoya haqida soʻz borar ekan, jinoyatlar oʻz-oʻzidan sodir etilmasligi, ularning oqibatlari bilan kurashish emas, balki jinoyatning barvaqt oldini olish, sodir etishga imkon beradigan sabab va shart-sharoitlarni oʻz vaqtida bartaraf etish muhimligi alohida taʼkidlandi.

Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.