18 +  RSS  E-mail
11:18, 29 05 2019

“Humo Arena” xokkey boʻyicha navbatdagi xalqaro turnirga mezbonlik qiladi


2-5 iyun kunlari Toshkent shahrida xokkey boʻyicha bolalar oʻrtasida “TASHKENT CUP” deb nomlangan xalqaro turnir boʻlib oʻtadi. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda mamlakat xokkey federatsiyasi tomonidan uyushtirilayotgan, 1 iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bagʻishlangan mazkur musobaqada Oʻzbekiston, Latviya, Qozogʻiston va Qirgʻizistondan jami 5 ta jamoa ishtirok etadi.

Poytaxtimizdagi muhtasham “Humo Arena” muz saroyida oʻtkaziladigan xalqaro turnir gʻolibligi uchun “RIGA” (Latviya), “KAYSAR” (Qozogʻiston) va “ALGA” (Qirgʻiziston) jamoalari bilan birga mamlakatimizning “BINOKOR” va “TASHKENT CITY” klublari yosh xokkeychilari ham daʼvogarlik qilishadi.

Dastlabki oʻyin – Latviya va Qozogʻiston jamoalari oʻrtasidagi uchrashuv 2 iyun kuni ertalab soat 9:00 ga belgilangan. Musobaqaning tantanali ochilish marosimi shu kuni 12:00 da boshlanadi.

Turnir nizomiga koʻra, barcha jamoalar aylanma tizimda ikki davrada bir-birlari bilan toʻqnash kelishadi. Eng koʻp ochko toʻplagan jamoa gʻolib boʻladi. Ochkolar boʻyicha tenglik yuzaga kelgan taqdirda, avvaliga oʻzaro uchrashuvlar, soʻngra gollar nisbati, kiritilgan va oʻtkazib yuborilgan shaybalar soniga murojaat qilinadi.

Eslatib oʻtamiz, 2-4 iyun kunlari “Humo Arena”da oʻtkaziladigan xokkey uchrashuvlariga kirish bepul. Maktab oʻquvchilari yozgi taʼtil davrida qiziqarli, ajoyib sport turlaridan biri sanalgan xokkey boʻyicha yosh, iqtidorli sportchilarimiz ishtirokidagi oʻyinlarni bemalol tomosha qilishlari mumkin.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.