18 +  RSS  E-mail
12:58, 28 05 2019

Qulupnay — foydali, shifobaxsh neʼmat


Qulupnay koʻp yillik oʻsimlik boʻlib, sovuqqa, turli kasalliklarga chidamliligi, hosili erta, yaʼni bahorda pishib yetilishi, inson organizmi uchun shifobaxsh xususiyatlari bilan ajralib turadi. Xonadon sharoitida tomorqaning bir parcha yeriga ekilgan qulupnay hosilining oʻzi oila aʼzolari  ehtiyojini toʻla-toʻkis qondirishi tabiiy. Shu bois qulupnayni tomorqa yerlarida yetishtirib, yaxshigina daromad qilayotgan eldoshlarimiz kam emas.

Xonqa tumani Sarapoyon qishlogʻining «Qoramozi» mahallasida istiqomat qiluvchi Boltaboy Jumaniyozov xonadoni koʻp yillardan beri tomorqasida qulupnay yetishtirib, uning oilasi ehtiyojidan ortgan qismini bozorga taklif etib, noz-neʼmatlar yetishtirishni koʻpaytirishga munosib hissa qoʻshayotgan  fidoyi insonlardan biri. U oilasining 22 sotix maydonni egallagan shaxsiy va qoʻshimcha tomorqasida, toʻrt nafar oʻgʻli va qizining xonadonlariga qarashli besh ming metrdan ziyodroq maydonda, shuningdek, entomofaglar ishlab chiqarishga moʻljallangan laboratoriya tasarrufidagi yerlarda koʻp yillardan beri qulupnay yetishtirib, elimiz dasturxoni toʻkinligini taʼminlashga hissa qoʻshmoqda.

— Qulupnayning tur-navlari koʻp, — deydi  B.Jumaniyozov. — Bizga oʻsimlikning Rossiya Federatsiyasidan keltirilgan «Viktoriya» navi manzur. U sovuqqa, turli xil kasalliklarga, zararkunandalar hamlasiga chidamli, hosildor. Binobarin, koʻp yillardan beri shu nav ekini boʻyicha 70-80 tsentnerdan hosil yetishtirib, har 10 sotix yer hisobiga 12-15 million soʻmdan daromad qilib kelyapmiz.

Aslida bu ekin ozuqa va namga talabchan. Shu bois har yili bahor kelib, havo isiy boshlagach, qulupnay maydonlarining har gektari hisobiga 1,5-2 tonnadan ammofos oʻgʻitini beramiz. Oʻsimlikning oʻtgan yildan qolgan barglarini oʻrib tashlaymiz. Bu esa ekinning keng tuplashi, baravj rivojlanishi garovidir.

Fidoyi tomorqachi, mirishkor  dehqon oʻziga qarashli qulupnay dalalariga tashrif buyurgan tumanlar hokimlari, agrosanoat majmui mutaxassislari, fermer xoʻjaliklari rahbarlariga shu boradagi ish tajribalari haqida gapirib berdi, ularni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.

Shu yuzadan tashkil etilgan koʻrgazmali-seminar ishini viloyat hokimi F.Ermanov boshqarib bordi.

Kun tartibiga qoʻyilgan masala yuzasidan viloyat hokimining oʻrinbosari Oʻ.Qurbonov qulupnay ekini hosilining oziq-ovqat xavfsizligi, dasturxonlar toʻkinligini taʼminlash, savdo peshtaxtalarini toʻldirish, ularning bozor narxini arzonlashtirishdagi oʻrni, ahamiyati, oʻsimlikning viloyatimiz tuproq-iqlim sharoitlarida oʻsib-rivojlanish xususiyatlari, shu yuzadan oldda turgan vazifalarga batafsil toʻxtaldi.

Istiqbolda viloyatimizning barcha tumanlarida qulupnay ekini maydonlarini kengaytirish, shu tur neʼmatni butun choralar bilan koʻpaytirish lozimligi qayd qilindi. Oilaviy tadbirkor Boltaboy Jumaniyozovga esa qulupnay yetishtiriladigan maydonlarni yanada kengaytirish, shu yuzadan 10 gektar maydonda fermer xoʻjaligi tashkil qilish tavsiya etildi.

Tomorqa yerlari samaradorligini oshirish, shifobaxsh neʼmatlar yetishtirishni koʻpaytirish borasidagi koʻp yillik fidoyi mehnatlari uchun Boltaboy Jumaniyozovga milliy anʼanalarimizga muvofiq toʻn kiygizildi va televizor bilan taqdirlandi.

Ollabergan RAJABOV


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.