18 +  RSS  E-mail
14:11, 27 05 2019

Choyxonadagi pichoqbozlik


Jahl kelsa aql ketadi, deydi xalqimiz. Ammo jahl qachon chiqadi va uni nimalar “chaqiradi”. Bu soʻzsiz ruhiyat bilan bogʻliq. Quyida sodir boʻlgan voqeani ham jahlning aqldan ustun kelishi bilan izohlash mumkin. Yoki yana oʻsha… mastlik bilan.

Oʻttiz yoshni qarshilab qolgan bu yigit obodonlashtirish boshqarmasida ishchi boʻlib ishlardi. Qizi bilan ertalab ishga chiqdi, tushlik mahali uyiga qaytdi va otasining tanishi Ozod aka bilan uchrashib qoldi. Keyin ular ikkovlon mahalladoshining uyiga kirib oʻtirishdi va oʻsha yerda “qittay” otib olishdi.

Soʻngra bu tanishining uyidan chiqib, koʻngli yana qayergadir borishni tusadi. Shu niyatda ular yaqin oradagi choyxonaga yoʻl olishdi. Pulning choʻgʻi kamroq boʻlgani uchun bu tanish choyxona “himmat” koʻrsatishi, “temir daftari”ga belgilab qoʻyishi ham mumkin edi. Shuning uchun koʻngilni toʻqlab borayotgan bu ikki sherik oʻzlarini nimalar kutayotgani haqida bilishmasdi ham. Aniqrogʻi, ularning oʻzi nima “karomat” koʻrsatishi mumkinligi hayoliga kelmasdi. Xullas, ular peshin payti mast holda choyxonaga kirib borishdi.

Abdiniyoz yonida puli yoʻqligi, qarzga ovqatlanmoqchi ekanini maʼlum qilish uchun choyxona egasiga uchrashish maqsadida ichkariladi. Qaytib chiqqanida esa sherigining chap koʻzi koʻkarganini koʻrdi (sudlanuvchining koʻrsatmasidan). Yana uning koʻrsatmasi boʻyicha, sherigini oʻziga notanish ikki kimsa urayotganining ustidan chiqqan.

Shunda janjalning sababini soʻraganida sherigi ularni haqorat qilgani haqida aytishgan. Keyin shu yerda janjal chiqib, choyxona egasi oraga tushgan, ajratishga uringan…

Abdiniyoz vaziyat jiddiy tus ola boshlagach, choyxonani tark etdi. Bu paytda sherigi xushidan ketib qolgan, uni choyxonadan olib chiqib ketish va yana boyagi “bosar-tusarini bilmay qolgan”larni oʻpkasini bosib qoʻyish maqsadida uyiga shoshdi. Boriboq pichoqqa yopishdi.

Choyxonaga pichoq bilan qaytib kirib bordi. Biroq boyagi kimsalar u oʻylagandek qoʻrqishmadi,

pinagini ham buzishmadi. Shunda bu holdan jahli qoʻzigan Abdiniyoz nima qilayotganini oʻzi ham fahmlolmasdi — ularga pichoq bilan tashlanib qoldi. Yigitlarga yengil tan jarohati yetkazdi.

Keyin… sherigini choyxonadan olib chiqib uyiga eltib qoʻydi. Oʻzi ham uyiga ravona boʻldi. Kechga borib esa IIB xodimlari Abdiniyozni “yoʻqlab” keldi.

Sud hukmi bilan unga nisbatan uch yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Kamol MURODOV.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.