18 +  RSS  E-mail
13:57, 27 05 2019

Buxoroga oshufta koʻngillar


XVIII-Xalqaro anʼanaviy “Ipak va ziravorlar” festivali Press center markazi reportyorlari festivalga tashrif buyurgan xorijlik mehmonlar bilan suhbatlashishdi.

Kurbanbibi Qilichova, Turkmaniston:

— Buxoroi sharifga ikkinchi marotaba kelayapman. Bu ajoyib festival Oʻzbekiston tarixida oʻziga xos oʻrin tutgan qadim Buxoroda oʻtkazilayotganidan biz juda ham mamnunmiz. Xalqingizning anʼanalari, sanʼati, milliy taomlari va madaniyatining turli qirralari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻlganimizdan baxtiyormiz. Bu yerning odamlari juda ochiqkoʻngil va mehmondoʻst ekan. Festival xalqingiz tomonidan qadim-qadimdan to hozirgacha qadar yetib kelgan madaniy qadriyatlarni asrab-avaylashga boʻlgan intilishini yana bir karra namoyon etdi.

Guida Karlo, Italiya:

— Men turmush oʻrtogʻim Jon Karlo va farzandlarim bilan yurtingizga tashrif buyurib, uning noyob madaniyati bilan tanishish imkoniyatiga ega boʻlganimdan xursandman. Mazkur festivalning, ayniqsa, bolalarda katta qiziqish uygʻotganini his qilib turish, naqadar, zavqli. Tashkilotchilar tadbir oʻtkaziladigan joyni tanlashda adashmabdi. Bizni Buxoroning asrlarga yondosh hayratli salobati rom etdi. Festivalda ipak matolar hamda ziravor mahsulotlarning xilma-xilligini alohida taʼkidlayman. Shuningdek, mamlakatingizning barcha viloyatlarida mavjud madaniyat va sanʼat turlaridan bahra olsa boʻladi.

Fido Muhammad Gado, Afgʻoniston:

— Tadbirkorman. Juda koʻp yillardan buyon sharif shaharda bunday nufuzli festival boʻlishini eshitaman. Internet tarmoqlari yoki ommaviy axborot vositalari orqali kuzataman. Ushbu yilda esa ataylab festivalda ishtirok etish uchun Buxoroi sharifga keldim. Meni hayratga solgani, sizning bolalaringizni har tongda karnay-surnayu, musiqa navolari uygʻotar ekan. Bizning bolalar esa oʻq tovushlariyu, yigʻi-sigʻi shovqinidan uygʻonishadi. Mamlakatlarimiz oʻrtasida tuzilgan ittifoqlik sabab afgʻon bolalariga ham sizning farzandlardek zavq bilan tong ottirish kunlari nasib etsin, ilohim. Yurtingiz tinchligiga koʻz tegmasin.

Rahimjon Rustamov, Tojikiston:

— Men Oʻzbekistonning Samarqand shahrida boʻlganman. Buxoroga birinchi marta kelayapman. Eski shahringizning ertakmonandligi hayratimni oshirdi. Chinakam Buyuk ipak yoʻli chorrahasidagi ulkan karvonga aylangan. Festival yarmarkalariga oilaviy korxonamiz tomonidan ishlab chiqarilgan matolarni savdoga olib keldik. Mamlakatingizning turli oʻlkalaridan kelgan tadbirkorlari bilan tanishdik. Hamkorlikda bardavom ishlaymiz.

Laylo HAYITOVA, Jurnalist


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.