18 +  RSS  E-mail
14:20, 24 05 2019

Tergovchi pishirgan osh, aylanib ham, oʻrgilib ham “ichasiz”


Bir aka doʻstimiz tuman-shahar IIBlarida uzluksiz 20 yil tergovchi lavozimida ishlagani uchun navbatdan tashqari polkovnik unvoni berilgandi. Tergov sohasida tishi chiqqani uchun firibgarlik, oʻgʻirlik, rastrata qilib oʻzlashtirish, badanga tan jarohati yetkazish va boshqa jinoyatlarni toʻliq ochib bera oladigan tajribali xodim edi. Tergov jarayonini sifatli olib borgani uchun qoʻzgʻatilgan ishi prokuraturadan deyarli qaytarilmagan. Jinoyat-protsessual kodeksini suvday ichib yuborgan.

Huquq-tartibot organlarida oyma-oy boʻlayotgan rotatsiya (aslida 5 yil muddatga boshqa tumanga boshqa lavozimga oʻtkazilishi lozim) natijasida xodim bugun IIB uchastka inspektori yoki qishloq xoʻjaligi yoxud ijtimoiy soha boʻyicha prokuror yordamchisi, ertaga esa tergovchi.

Yer va Soliq kodekslari, “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonuni yoki ushbu sohalarga oid Prezident Farmoni va qarorlarini mazmun-mohiyatini endigina tushuna boshlagan xodim birdaniga tergovchi qilib tayinlanadi-yu, oldin hamkasbi chala qoldirgan ishni oʻrganishga kirishadi. Jinoyat ishini sudga oʻtkazish muddati yaqinlashgani sayin, shoshma-shosharlik bilan tergov qilinadi. JPKni chuqur oʻrganishga vaqt yoʻq. Hamkasblarning turli maslahati bilan 1-2 ta modda bilan qoʻzgʻatilgan ishga yana bir necha modda “majburan” qoʻshiladi. Bunday chigal va xom ishni toʻliq oʻrganishga sud’yaning xafsalasi ham, vaqti ham yoʻq. Sud’ya yordamchisi esa tayyor ayblov hulosasini hukmga koʻchirib qoʻyadi. Sud tomonidan “adolat” sifatida “majburan” qoʻshilgan 1 ta modda nomigagina chiqarib tashlanishi yoki qayta kvalifikatsiya qilinishi mumkin.

“Yopishtirilgan” moddalar oʻzgarishsiz qolib ketishi aniq. Chunki prokuror oʻzining xodimi tergov qilgan ish tugatilishidan yoki oqlov hukmi chiqishidan manfaatdor emas. Sud’yaga iltimos ustun keladi. Inson oʻz huquqlarini himoya qilish maqsadida Oliy sudga murojaat qilgani va yugura-yugur koʻpincha befoyda. Sud’yaning javobgarligi yoʻqligi sababli hukm baribir oʻzgarishsiz qoladi.

Endi asosiy savollar tugʻiladi. Huquqshunos tergov sohasini tanladimi, nafaqaga chiqquncha tergovchi boʻlsa, malakasi ham, tajribasi ham yetarli boʻlar va har xil turdagi jinoyat, fuqarolik yoki maʼmuriy ish mukammal holda sudga oʻtkazilarmidi? Natijada sud’yaga har xil iltimoslar, ishni koʻrishdagi nohaqlik va adolatsizlik va yugura-yugur birmuncha kamayib, inson huquqlari poy-mol boʻlishining oldi olinarmidi?

Buning uchun rivojlangan davlatlarning tajribalaridan foydalangan holda tergov organini takomillashtirish maqsadga muvofiq emasmi? Shunda prokurorning ham, advokatning ham huquqlari haqiqatda tenglashib, har qanday ish adolatli va xolisona koʻrilarmidi?

Shaxlo Djumaniyazova: Tajriba yetarli boʻlmasa, har qanday odam ham oshni xom pishiradi.

Abduraxmon Mustafokulov: Buni hammasi oʻqishga pul bilan kirishni oqibati. Bilimi bor inson har sohada oʻzini koʻrsata oladi, shart emas bir sohada umrbod ishlashi.

Shokirjon Xamrayev: Tergov harakati va qarori Adliya vazirligi va Advokatlar palatasi tomonidan koʻrib chiqilishi, ayblov asosli ekanligi, protsessual huquq normalari buzilmaganligini tekshirib xulosa berilgandan soʻng ish shundan keyin prokuraturaga tergovni tasdiqlash uchun yuborish kerak.

Oʻshandagina sud faqat oʻzini xulosasigagina emas, har xil fikrlarga asoslanib qonuniy qaror va hukmlar qabul qilardi.

Ikromjon Xolmatov: Balkim

Daraxt bir joyda koʻkaradi.

Olloyorbek: Hamma gap sud’yani oʻzini hurmat qilishida va millatni hurmat qilishida. Sud’ya vaqt ajratsa, adolat qaror topadi.

Tergov organi alohida, hech kimga boʻysunmaydigan boʻlsa, sud jarayonida prokuror va advokat oʻrtasida haqiqiy va adolatli tortishuv uchun sharoit yaratilardi.

Sabirov Yakupbay: Jamiyat qanday boʻlsa sud’ya ,prokuror, tergovchi, advokat shularning ichidan chikadi

Nurali Nurmatov: Odamda iqtidor tugʻma boʻladi, yillar mobaynida shakllanib oʻsib boradi.

Shavkat Mamarizayev: Sud’ya tergovchining xulosasi bilan hukm chiqarsa, unda bizga sud’ya nega kerak? Lekin IIB xodimi har bir sohani yaxshi bilishi uchun shu sohalarda ishlab chiqishi shart emas.

“Xalq fikri”dan


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.